Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishida bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Loyiha orqali O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasiga qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar ham o‘sha masalaga doir qonun loyihasining muqobil tahririni kiritish, uning vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir nafar qo‘mita raisi va ikki nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi, har chorakda «hukumat soati» va parlament so‘rovi doirasida masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Loyihadagi normalar muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirish orqali qonun ijodkorligi va parlament nazorati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Fraksiya rahbari U.Inoyatovning fikriga ko‘ra, qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalarining tashabbuskorlik huquqi kafolatini mustahkamlashda, elektorat manfaatlari himoyasi nuqtai nazaridan pozitsiya bildirish imkoniyatlarini kengaytirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, yangi huquqlar siyosiy partiyalar fraksiyalarining faolligi oshishi, parlament quyi palatasida konstruktiv muloqot muhiti rivojlanishi uchun ham zamin yaratadi. Yuqoridagilarga asosan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.
Fraksiya yig‘ilishida boshqa qonun loyihalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi sifatida Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazilgani bilan bog‘liq rasmiy nomni muvofiqlashtirishga oid qonun loyihasi muhokama qilindi. Fraksiya a’zolari agrosanoatni rivojlantirish, tizimda yechimini kutayotgan masalalar, sohada yangicha yondashuvlar joriy etish haqida o‘z fikr-mulohaza va takliflarini ham bildirishdi.
Fraksiya yig‘ilishida barcha qonun loyihalari Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlariga asosan ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.