Partiya fraksiyasi Davlat budjeti ijrosi bo‘yicha takliflar berdi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2024-yildagi hamda 2025-yil birinchi chorakdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda dunyodagi murakkab vaziyat, kutilmagan iqtisodiy va moliyaviy qiyinchiliklarga qaramasdan, hukumat tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, umumiy ijtimoiy barqarorlik ta’minlanayotgani qayd etildi.

2024-yilda Davlat budjetining daromadlari 274,4 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga oshgan. Ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 153,2 trln. so‘m yoki umumiy xarajatlarning 49 foizi sarflangan.

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun davlat budjetining 12 foizi sarflanib, 720 mingga yaqin aholi kambag‘allikdan chiqarilgan. Bu natijalar Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari ta’minlanishida dolzarb ijtimoiy ahamiyatga ega ekani bildirildi.

Deputatlar hisobotda vazirlik va idoralar tomonidan mablag‘lar o‘z vaqtida o‘zlashtirilmagani, samarasiz ishlatilayotgani, noto‘g‘ri ajratilgan subsidiyalar mavjudligi, imtiyozlar noo‘rin ajratilganini ta’kidlab, ularni bartaraf qilish bo‘yicha takliflar berdi.

Yig‘ilishda fraksiya a’zosi F.Sharipov aholi bandligini ta’minlash va ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirishda yanada aniq mexanizimlar ishlab chiqish zarurligi, kam daromadli oilalar uchun uy-joy masalasini hal etishda davlat jamg‘armalari ishtirokini kuchaytirish lozimligini bildiridi.

Shu bilan birga, deputat I.Tursunov yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xarajatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘zining taklif va tavsiyalarini berdi.

Hisobot muhokamasi davomida deputatlar davlat budjeti ijrosini nazorat qilish, unda aholi manfaatlarini to‘la aks ettirish masalalari haqida fikrlar bildirib, Davlat budjeti ijrosi haqidagi hisobotlarni ma’qulladi.

Kun tartibiga kiritilgan masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish