
Samarqand – Yer yuzining sayqali, sivilizatsiyaning qadimgi o‘choqlaridan biri. Bu viloyat O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyatiga ega hududlaridan sanaladi. Geografik jihatdan joylashuvi, tabiiy va madaniy resurslarga boyligi, iqtisodiy imkoniyatlari bilan ham O‘zbekistonda yetakchi o‘rinda turadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun viloyatda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Shahar va qishloqlar obod qilinib, butun jahondan keladigan mehmon va sayyohlarning havasini tortmoqda. Xullas, bugun Samarqand hayotiga nazar tashlasak, joylarda hayot qaynayotgani, yangilanish va o‘zgarishlar ortayotganiga amin bo‘lasiz.
Ana shunday muhim pallada viloyatdagi partiyamiz mahalliy kengashlari nimalar bilan mashg‘ulligiga qiziqdik. Shu maqsadda O‘zXDP Samarqand viloyati kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP deputati Badriddin NASRIYEVni suhbatga chorladik.
– Mahalliy Kengashlarda XDP katta kuch va salohiyatga ega. Siz yetakchilik qilayotgan partiya tashkiloti ana shu imkoniyatdan qay darajada foydalanmoqda? Ko‘zga ko‘rinarli tashabbuslar haqida nima deyish mumkin?
– Bugun viloyatda partiyamiz a’zolari soni 92 ming nafardan ortdi. Boshlang‘ich partiya tashkilotlari 852 tani tashkil etmoqda. Viloyatda bo‘layotgan bugungi bunyodkorlik ishlarida ularning ham hissasi borligi barchamizni quvontiradi, albatta.
Xalq demokratik partiyasidan 2024-yilda bo‘lib o‘tgan saylovda mahalliy Kengashlarga 95 nafar deputat saylandi. Ularning 10 nafari viloyat kengashi deputati bo‘lsa, 85 nafari tuman (shahar) kengashlari vakillaridir. Bugungi kunda deputatlarimiz o‘z vakolatlaridan samarali foydalanib, aholining muhim muammolarini hal etishda faol ishtirok etmoqda.
Masalan, partiyamiz tashkilotlari va deputatlarimiz tomonidan joriy yilning birinchi choragida O‘zXDP Saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirishga jiddiy e’tibor berildi. Saylovchilar bilan muloqotni ko‘paytirish, joylarda fuqarolarni o‘ylantirib kelayotgan tizimli muammolarni tahlil qilish, ijro organlari faoliyati ustidan deputatlik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi.
Deputatlarimiz tomonidan saylovchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, aholi murojaatlari hamda joylardagi uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalar, saylov okruglaridagi o‘rganishlarda aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha mansabdor shaxslarga jami 187 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. Ularning 157 tasi bo‘yicha ijobiy natijaga erishildi. Qolganlari nazoratimizda turibdi.
Deputatlarimizning okruglaridagi faoliyati davomida 647 marotaba uchrashuvlar o‘tkazilib, 4 mingga yaqin fuqaro bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tashkil etildi. 3 ming 394 ta murojaat va muammolarga aniqlik kiritilib, qonuniy yechimi ko‘rildi.
«Deputat mahallada» loyihasi asosida 833 marotaba sayyor qabul va uchrashuvlar o‘tkazildi. Sayyor qabullarda fuqarolar tomonidan 5 mingdan ortiq masalalar ko‘tarildi. Aniqlangan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida 251 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. Mansabdor shaxslarning 38 marta hisobotlari eshitildi.
Muhimi, bu orqali odamlarni qiynab kelayotgan qanchadan-qancha masalalar yechim topadigan bo‘ldi. Albatta, murojaatlarning keyingi «taqdiri» bilan qiziqish ham muhim va asosiy jarayon sanaladi. Bunda esa biz, deputatlar faollik va ziyraklikni boy bermay, nazorat o‘rnatishimiz zarur, deb o‘ylayman.
Partiyamiz tashkilotlari va deputatlarning amaliy ishlari haqida uzoq gapirish mumkin. Eng muhimi, ijtimoiy adolat va aholi manfaatlarini himoya qilishda faollik ko‘rsatyapmiz. Biz aholi bilan muloqotni kuchaytirish orqali mahalliy muammolarni hal etishga e’tibor qaratyapmiz. Albatta, bu yo‘lda to‘xtab qolish kerak emas, har doim o‘zgarishlar, yangilanishlar tomon yurish zarur.
Agar haqiqiy o‘zgarishlarga erishmoqchi bo‘lsak, siyosiy faoliyatni aniq natijalar bilan bog‘lashimiz va partiyaviy yechimlarni amaliy harakatlar bilan mustahkamlashimiz shart.
– Shaxsan o‘zingiz viloyat partiya kengashi ishidan to‘la qoniqasizmi? Partiya kengashi yo‘l qo‘ygan xatolar sizningcha, nimalardan iborat? Kamchiliklar qanday va qaysi paytda ijobiy tendensiya tomon siljiydi?
– Avvalo, aytmoqchimanki, partiyamizning xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi o‘rni va salohiyati bor. Buning asosiy sababi, mahalliy Kengashlarga aksariyat salohiyatli va faol shaxslarning deputat etib saylanganidir.
E’tiborga molik ishlar ko‘p, albatta. Ammo bu sohada barcha ishlar risoladagidek, degani emas. Ayrim masalalarda kamchiliklarimiz ham bor. Yuqorida ta’kidlab o‘tdim, bugun viloyatda partiyamizning 95 nafar deputati faoliyat yuritmoqda. Ularning hammasi ham birdek faol va tashabbuskor, deyish noto‘g‘ri.
Bugun hududlarda o‘zgarishlar katta, islohotlar ko‘lami keng. Deputatlar ham shunga yarasha faol bo‘lishi, o‘zgarishlarga tayyor turishi kerak, deb o‘ylaymiz. Bu ko‘pning vakili uchun muhim masalalardan biri hisoblanadi.
Aytaylik, partiyaning amaliy Harakat dasturida partiya guruhlariga yuklatilgan vazifalarga e’tiborsiz qarab kelayotgan partiya guruhlari ham bor. Partiyamiz deputatlari Dastur ijrosiga jiddiy kirishsa, joylarda odamlarimizning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolarni izchil o‘rgansa, kamchiliklarni ochiq-oydin tahlil etsa, ko‘p muammolar yechiladi, ehtiyojmand aholi vakillarining og‘iri yengil bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Aksariyat hollarda partiya guruhlari masalani muhokamalarga olib chiqish bilan cheklanib, qabul qilingan qarorlar ijrosi nazoratsiz qolish holatlari kuzatilyapti. Vaholanki, eng muhimi, erishiladigan natijadir. O‘z ishiga vijdonan yondashadigan deputat ertaga saylovchilar huzuriga nima deb borishi haqida ham o‘ylab ko‘radi.
Biz saylovoldi chiqishlarimizda saylovchilarga ko‘p va’dalarni berganmiz. Buni bajarish uchun tinmay harakat qilishimiz, saylovchilar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi uchun faoliyatimiz samaradorligini oshirishimiz kerak. Izlagan imkon topadi. Demak, yangi imkoniyatlarni ishga solishimiz, faoliyatimizni tanqidiy tahlil qilib, rivojlanish yo‘llarini topishimiz zarur.
Partiyamiz a’zolari sonini ko‘paytirish bo‘yicha olib borayotgan ishlarimiz ham hali yetarli emas. Shundan kelib chiqib, obro‘-e’tiborga ega, xalq orasida hurmat qozongan faollarni ko‘proq jalb etish choralarini ko‘ryapmiz.
Yana bir masala. Joylarda o‘tkazilayotgan ayrim tadbirlarimiz qaysidir ma’noda yuzaki, hisobot uchundek, go‘yo. Sir emas, aksariyat tuman (shahar) kengashlari, deputatlar joylarda nomigagina tadbirlar tashkil etayotgani, aholi o‘rtasida bunday tadbirlarning samara bermayotgani bor haqiqat.
Keyingi xatolardan biri bu nazorat tizimi yetarli yo‘lga qo‘yilmagani bilan bog‘liq. Partiya kengashi, deputatlarimiz tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Sessiyalarga masalalar kiritilmoqda, takliflar berilmoqda, tashabbuslar bilan chiqilmoqda. Biroq nazorat tizimi bo‘lmaganligi bois, bunday tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi to‘laqonli yakuniga yetmay qolyapti.
Mazkur ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyat kengashining «Harakatlar dasturi» ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
Dasturda boshqa partiyalarnikidan farqli ravishda nuroniylar, pensionerlar uchun alohida tashabbuslar belgilangan bo‘lib, keksalar uchun «Salomatlik bog‘lari»ni tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Endi savolingizni ikkinchi qismiga keladigan bo‘lsak, birinchidan, agar deputatlar joylardagi faoliyatini kuchaytirsa va aholi bilan tizimli ishlasa, partiyaning ta’sirchanligi ortadi. Ikkinchidan, agar saylovchilar murojaatlari to‘liq hal etilsa, partiyaga bo‘lgan ishonch ortgan holda, elektorat muammolari yechiladi.
Eng asosiy vazifalarimizdan biri partiya g‘oyalari targ‘ibotini ta’sirchan usullarda olib borishdir. Hozir joylarda Harakat dasturi ijrosiga jiddiy kirishilgan. Agar har bir deputat, partiya faoli o‘z taklifi va ishtiroki bilan qatnashsa, oldimizga qo‘ygan maqsadga, albatta, erishamiz, deb o‘ylayman.
– Yutuqlar haqida gapirdik, xato va kamchiliklarni sanab o‘tdik. Keling, endi bevosita partiyaning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish masalasiga to‘xtalsak. Bundan keyin nimani kutsak bo‘ladi? Shuningdek, yuqorida siz sanab o‘tgan muammolarni to‘liq bartaraf etishga va’da bera olasizmi?
– Bugun mamlakatimizda odamlarga munosib turmush sharoitini yaratish, hayotini o‘zgartirish, shahar va qishloqlarda birdek zamonaviy qulayliklarni barpo etish, bir so‘z bilan aytganda, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga erishish bosh maqsad qilib belgilangan.
Biz ana shu maqsadga erishish uchun qator amaliy ishlarni rejalashtirganmiz. Elektorat manfaatlari bilan bog‘liq masalalarda nazorat-tahlil ishlarini olib borish harakatidamiz. Xususan, inklyuziv ta’lim, aholi, xususan, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash, ehtiyojmand oilalarga yaqindan yordam berish, kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan aniq manzilli chora-tadbirlar rejasini tasdiqladik.
Yuqorida aytib o‘tganimdek, deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan amaliy Harakat dasturida bandlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, qurilish, uy-joy, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga oid 271 ta masala qamrab olindi.
Hududlardagi mavjud muammolarni hal etish maqsadida joylardagi hududiy rahbarlar va mansabdor shaxslarning hisobotlari va axborotlari eshitiladi. Deputatlar tomonidan fuqarobay, xonadonbay aholi muammolari o‘rganiladi, sayyor qabullar uyushtiriladi.
Aholini o‘ylantirayotgan yo‘l ta’mirlash, elektr energiyasi, suv ta’minoti, yangi ish o‘rinlarini yaratishga oid tizimli ishlar amalga oshiriladi.
Partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarining mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish va tushuntirish, partiyaning jamiyatdagi ijobiy imijini yaratish maqsadida targ‘ibot, tashviqot tadbirlari tashkil etiladi.
Ayni damda bu boradagi ishlar jadal olib borilmoqda. «Deputat mahallada», «Sog‘lom ona – sog‘lom oila», «Mahallada ijtimoiy xizmat», «Safimizdagi yoshlar», «Ijtimoiy himoyadan – ijtimoiy faollik sari», «Teng huquq va teng imkoniyatlar», «Ayollarga ko‘mak» «Mahallada kambag‘al oilalar sonini kamaytirish» kabi loyihalar amalga oshirilyapti.
Muammolar bor va ularni birdaniga to‘liq bartaraf etish oson emas. Lekin partiyaning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish uchun bor kuch-imkoniyatlarimizdan to‘liq foydalangan holda qat’iy harakat qilishimiz lozim.
Deputatlik birlashmalari va partiya tashkilotlari faoliyati ma’lum murojaatlarni hal etish bilan birga, hududlarda partiya elektorati manfaatlariga xizmat qiladigan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning ijro holati haqida aniq xulosani shakllantirishi kerak, deb o‘ylayman.
Shu munosabat bilan faoliyatimizning barcha darajasida deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni rejalashtirganmiz. Bu orqali mahalla, tuman va shaharlarning ijtimoiy rivojlanish holatini tizimli ravishda monitoring qilishni ko‘zlayapmiz.
Umuman olganda, kamchiliklar ustida ishlab, partiya tashkilotlari faoliyatini yanada kuchaytirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlik guruhlari nufuzini oshirish bo‘yicha aniq rejalarimiz bor. Imkoniyatlarimiz ko‘p, vakolatlarimiz ham yetarli. Ishonamanki, barchasi amaliy natijalarimizda aks etadi. Eng muhimi, xalq ehtiyojlaridan uzilib qolmaslikka harakat qilamiz.
***
Gap ko‘rsatkichlarda emas, aniqlangan muammolarni vaqtida bartaraf etishda, buning uchun asosli va o‘tkir takliflar tayyorlashda. Shuning uchun biz eng muhimlariga to‘xtalishni joiz topdik.
Shunisi ayonki, belgilangan choralar vaqtida amalga oshsa, partiyamiz haqiqiy kuchga aylanadi va ishonch ortgan holda barcha muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etiladi. Buning uchun partiya tashkilotlari va deputatlar, faollar va a’zolar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi, bir-biriga yelkadosh bo‘lishi kerak.
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri
Laziza SHEROVA yozib oldi.
«O‘zbekiston ovozi», 4.6.2025, №22