Yoshlar ishonchi – ustuvor yo‘limiz
Yoshlar ishonchi – ustuvor yo‘limiz

 

Xabaringiz bor, joriy yilning 28-30-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti III chaqiriq birinchi yig‘ilishi hamda “Yoshlarning parlamentdagi o‘rni” mavzusida respublika o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar – jamiyatning eng katta kuchi ekani bugun qog‘ozlarda emas, amaliy islohotlarda o‘z ifodasini topmoqda.

Yoshlar orzu qiladi, intiladi, tashabbus ko‘rsatadi. Ammo ba’zilarining orzusi harakatga aylanmasdan qoladi. Kimdir esa bir imkonni topib, minglab tengdoshlarining ovoziga aylanish uchun jazm etadi. Xuddi shunday, mening hayotimda ham muhim burilish nuqtasi ro‘y berdi – men Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari, O‘zXDP yoshlar guruhi rahbari etib saylandim.

Bu lavozim nafaqat yuksak ishonch belgisi, balki ulkan mas’uliyat hamdir. Chunki bu lavozimga O‘zXDP yoshlar guruhi meni ishonib tanladi, ular meni o‘z fikrini, muammosini, orzusini yuqori minbarga olib chiqadigan vakil sifatida ko‘rdi. Endi mening vazifam faqat fikr aytish emas, balki amaliy faoliyat bilan isbotlash, tashabbus ko‘rsatish va natijaga ishlashdir. Demak, endi har bir so‘zim, har bir qarorim, har bir qadamim – ular nomidan.

Yoshlar parlamenti – bu faqat majlislar, otashin nutqlar emas. Bu – muammolarga yechim qidirish, hayotiy, dolzarb tashabbuslarni ilgari surish, haqiqatda yoshlar hayotiga ta’sir etadigan qarorlar qabul qilish minbari. Mening vazifam — bu minbardan foydalangan holda yoshlarning ovozini eshittirish, ularni qarorlar markaziga olib chiqish.

Bilaman, bu yo‘l oson bo‘lmaydi. Unda yurish uchun faqat bilim emas, yurak, vijdon va fidoyilik ham kerak.

Shu o‘rinda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti samarali ishlashi uchun u rasmiy platforma bo‘lib qolmasligi, balki muammolarni tan olish va ularni tizimli hal etish orqaligina bu tuzilma yoshlar ishonchini qozona olishini unutmasligimiz kerak. Yoshlar parlamentining tashabbuslari parlamentdagi yetakchi siyosatchilar tomonidan ko‘rib chiqilib, ba’zilari hukumat siyosatiga aylantirilishi ham mumkin. Bu Yoshlar parlamentining nafaqat “maktab”, balki “siyosiy lift” ekanini ham isbotlaydi.

Qolaversa, Yoshlar parlamenti a’zolariga har yili parlament faoliyati simulatsiyasi o‘tkazilib, real qonunchilik tajribasi berilishi lozim. Bu nafaqat ramziy, balki amaliy jihatdan ham ularni teng siyosiy subyektga aylantiradi. Yangi tarkibdagi yoshlar parlamentining vakillik, ta’sirchanlik, ochiqlik va siyosiy bog‘liqlik darajasi bo‘yicha namunali tizimga aylanadi.

Nazarimda, Yoshlar parlamenti navqiron avlod manfaatlaridan kelib chiqqan holda quyidagi ustuvor masalalarda amaliy yechimlarni amalga oshirishi maqsadga muvofiqdir:

brinchidan, ta’lim sohasida ijtimoiy tenglik va zamonaviylik asosida qonuniy tashabbuslarni ilgari surish. Bunda, grantlarni ijtimoiy mezonlar asosida differensiallash va qonuniylashtirish;

ikkinchidan, yoshlar o‘z hunari, g‘oyasi yoki startapi bilan iqtisodiy mustaqillikka erishmog‘i uchun ko‘maklashish, frilans va raqamli mehnatning huquqiy asosini takomillashtirish;

uchinchidan, Yoshlar parlamenti a’zolariga berilayotgan imkoniyat, ya’ni, real qonunchilik amaliyotiga tayanib, strategik tafakkurga asoslangan diplomatiya maktabini shakllantirishga muvaffaq bo‘lish.

Bular orqali milliy parlamentimizni chuqur o‘rgangan va milliy sharoitga moslashtirgan intellektual elita yetishib chiqadi. Diplomatik an’analar yangi avlod uchun qayta shakllantiriladi.

 

Shohruh O‘KTAMOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP yoshlar guruhi rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 4.6.2025, №22

 

 

 

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish