Hukumat budjet ijrosi bo‘yicha xalqimiz va parlament oldida hisobdordir
Hukumat budjet ijrosi bo‘yicha xalqimiz va parlament oldida hisobdordir

 

Parlament nazorati demokratik boshqaruv tizimining ajralmas qismi bo‘lib, ijro hokimiyatining davlat moliyasidan foydalanishini kuzatish va baholash imkonini beradi. Budjetni hukumat siyosatining iqtisodiy ifodasi deyish mumkin.

Shu bois parlament Davlat budjeti ustidan samarali nazorat o‘rnatmasa, korrupsiya, manfaatlar to‘qnashuvi va samarasiz xarajatlar kelib chiqishi mumkin. Dunyo tajribasida parlament budjetni qabul qilish jarayonida davlat moliyasi qanday yo‘naltirilishi ustidan siyosiy nazoratni amalga oshiradi.

Aksariyat davlatlarda hisob palatalari yoki oliy audit organlari mustaqil faoliyat yuritib, parlamentga hisobot beradi. Ularning vakolatlari qonun bilan belgilangan va budjet xarajatlarini tekshirish huquqiga ega. Budjet jarayonini omma (xalq) uchun ochiq bo‘lishi doimiy tarzda muhim bo‘lib kelgan. Xalqaro tajriba ko‘ra, rivojlangan mamlakatlar budjet ustidan parlament nazorati o‘ziga xos rivojlanish qonuniyatlariga ega. Xususan, AQShda Kongress budjet ustidan to‘liq nazorati o‘rnatilgan. Congressional Budget Office (CBO) – mustaqil tahlilchi organ, GAO (Government Accountability Office) – parlamentga bog‘liq audit organi sifatida budjet ustidan nazoratni amalga oshirishda taniqli organ hisoblanadi. Buyuk Britaniyada parlamentdagi Public Accounts Committee budjet ijrosi muhokamasi bilan shug‘ullanadi. National Audit Office (NAO) mustaqil hisob palatasi hisoblanadi. Germaniya Bundestagida ham budjet qo‘mitasi samarali faoliyat olib boradi. Germaniyada Federal Court of Auditors mustaqil xulosalar tayyorlaydi, budjetning to‘g‘ri taqsimlanishi bo‘yicha yangi signallarni aniqlash bilan shug‘ullanadi.

Demokratik mamlakatlarda parlamentning budjet ustidan samarali nazorat o‘rnatishi uchun quyidagi shartlar bajarilishi zarur:

birinchidan, mustahkam huquqiy asoslar zarur bo‘ladi. Xususan, parlamentning budjetni tasdiqlash va ijrosini nazorat qilish vakolatlari qonun bilan aniq belgilab qo‘yilishi kerak;

ikkinchidan, mustaqil audit organi mavjud bo‘lishi kerak, ya’ni, hisob palatasi hukumatdan mustaqil faoliyat yuritishi zarur;

uchinchidan, tahliliy qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerak. Unga ko‘ra, budjetni baholash uchun ekspertlar va tahlil markazlari ishtirokini ta’minlash lozim.

to‘rtinchidan, ochiqlik va jamoatchilik nazorati kerak, barcha hujjatlar ommaga ochiq bo‘lib, fuqarolar ishtirokini rag‘batlantirish lozim. O‘zbekiston uchun ham bu tajribalarni inobatga olgan holda, parlament nazoratini mustahkamlash, hisob palatasini mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatishiga sharoit yaratish va budjet jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Mamlakatimizda Davlat budjeti ijrosi bo‘yicha parlament nazoratini ta’sirchan amalga oshirish uchun huquqiy asos, boshqa imkoniyatlar ham yetarli ekanini qayd etish joiz.

Kuni kecha O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Davlat dasturi ham faol ishtirok etib, Hukumat a’zolariga qator masalalarga e’tibor qaratishni taklif qildi.

Birinchidan, budjet mablag‘larini olgan har bir davlat tashkilotining natijadorlik va samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash mexanizmlarini joriy etish zarur.

Ikkinchidan, ijtimoiy ehtiyojlar bilan bog‘liq xarajatlarga yo‘naltirilgan mablag‘lardan samarali foydalanish uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda ijtimoiy sohaga oid tender savdolarini o‘tkazish uchun alohida zamonaviy yagona platforma yaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Uchinchidan, Hukumat vazirlik va idoralar yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarga huquqiy baho bergan holda, samarasiz foydalanilgan mablag‘larni qaytarish va mas’ullarni javobgarlikka tortish bo‘yicha qat’iy choralarini qo‘llashi, bu haqda keng jamoatchilikka ma’lumot berib borishi lozim.

Davlat budjeti mablag‘larining to‘g‘ri va samarali sarflanishi xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi. Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi bu masalada doim qat’iy pozitsiyasi ko‘rsatishga, real natijalarga erishishga intiladi.

 

G‘olibjon Mahammadjanov,

O‘zbekiston XDP Markaziy kengashi sho’ba mudiri,

siyosiy fanlar falsafa doktori (PhD).

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish