Xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashiga Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputat Ziyo Parizod Azamat qizi Olmazor tumani hokimining qurilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mirxalikov Doston Rustam o‘g‘liga deputatlik so‘rovi yubordi.
Ushbu so‘rov O‘zbekiston Respublikasi “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 5 va 8-moddalariga muvofiq ravishda yo‘llangan bo‘lib, “Taraqqiyot” va “Qorasaroy” mahalla fuqarolari yig‘inlarida istiqomat qiluvchi aholi murojaatiga asoslangan.
Murojaatda Qorasaroy ko‘chasidan Oltinsoy ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida asfalt qoplamasi mavjud bo‘lishiga qaramay, torligi va harakat ko‘pligi sababli avtomobillar va piyodalar uchun noqulayliklar yuzaga kelayotgani qayd etilgan. Aholi yo‘lning yon qismini ham asfaltlab kengaytirish taklifini ilgari surgan.
Deputat so‘rovida yo‘lning kengaytirilishi bo‘yicha mavjud holat yuzasidan ma’lumot taqdim etilishi, mazkur masala agar “Olmazor tumanini 2025-yilda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi”da aks ettirilmagan bo‘lsa, 2026-yilgi dasturga kiritilishi so‘ralgan.