O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashi tashabbusi bilan viloyat Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston–Finlandiya pedagogika instituti hamkorligida “Siyosatdagi yoshlar” loyihasi tashkil etildi.
Mazkur loyiha yoshlarning siyosiy jarayonlardagi faol ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning hal etilishida yoshlarning ta’sirini oshirish, iqtidorli va siyosatga qiziquvchi yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, siyosiy yetakchilikka bo‘lgan qiziqishlarini rag‘batlantirish, shuningdek, yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga xizmat qildi.
Tadbirda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar jamoalarga bo‘lingan holda uch bosqichli bellashuvda o‘z bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazishdi:
- Birinchi shart – Tezkor savol-javob bo‘lib, unda ishtirokchilar davlat boshqaruvi va siyosiy tizimlarga oid savollarga javob berishdi.
- Ikkinchi shart – Mantiqiy tahlil va fikrlashga asoslangan topshiriq bo‘lib, jamoalar tanlangan savolga jamoaviy tarzda javob tayyorlab, uni qisqa muddat ichida asoslab berishdi.
- Uchinchi shart – Munozara shaklida o‘tkazilib, jamoalar turli siyosiy partiyalar pozitsiyasidan kelib chiqib, saylovoldi dasturlar bo‘yicha fikr bildirishdi va o‘z nuqtai nazarlarini himoya qilishdi.
Hakamlar hay’ati baholash mezonlari asosida quyidagi jamoalarni g‘olib deb topdi:
- 1-o‘rin – “Kulturkampf” jamoasi,
- 2-o‘rin – “Matematiklar” jamoasi,
- 3-o‘rin – “Pedagoglar” jamoasi.
G‘oliblar O‘zXDP Samarqand viloyat kengashining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Qolgan jamoalarga ham partiyaning tashakkurnoma va sovg‘alari topshirildi.
Loyiha yakunida ishtirokchilar siyosiy jarayonlarga nisbatan yanada chuqurroq tushunchaga ega bo‘lishgani, partiyalar faoliyati va dasturlari yuzasidan amaliy tajriba orttirishganini ta’kidlashdi.
Mazkur loyiha yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularni faollikka chorlash hamda iqtidorli va tashabbuskor yoshlarni aniqlab, partiya faoliyatiga jalb etish yo‘lida muhim qadamlardan biri hisoblanadi.