
Bugun dunyo hamjamiyati katta ziddiyatlar bilan yuzma-yuz kelmoqda. Bu global xavfsizlikka tahdidlar, kuchli iqtisodiy tebranishlar, yirik geosiyosiy tortishuvlar fonida davlatlarning barqaror siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy-ma’daniy munosabatlariga jiddiy salbiy ta’sir qilmoqda.
Shunday murakkab davrda O‘zbekiston ochiq va progmatik tashqi siyosat yuritib, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida dadil qadam tashlamoqda. Shubhasiz, IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi ham shunday qadamlardan biri.
Forumda xalqaro moliya tashkilotlari bilan yangicha ishlash tizimiga o‘tilgani, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘tgan yili O‘zbekistonga rekord miqdorda – 1 milliard dollarga yaqin investitsiya kiritgani qayd etilib, O‘zbekiston ushbu bankning mintaqadagi eng yirik hamkoriga aylangani e’tirof etildi.
Kiritilayotgan har bir investitsiya mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini mustahkamlashga, aholi turmush farovonligini ta’minlashga xizmat qilishi kunday ravshan. E’tiborlisi, bu bir yillik raqamlar. Shu nuqtai nazardan olib qarasak, joriy yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumi ham kelajakda yurtimizga katta miqdorda investitsiya oqimini olib keladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ahamiyatlisi, so‘ngi ikki yilda mamlakatimizda chet el kapitali ishtirokidagi 5,5 mingta yangi korxona tashkil etilgan. Bu minglab yangi ish o‘rinlari degani. Ya’ni ming-minglab fuqarolarimiz yangi daromad manbaiga ega bo‘lganini, oilalar farovonligi ta’minlanayotganini anglatadi. Doimiy daromadga ega, turmushi farovon fuqarolar esa mamlakat taraqqiyotida muhim omil vazifasini bajarib beradi.
Uchrashuvlarda xorijiy korxonalar bilan gaplashilib 40 dan ziyod tashabbuslar saralab olingani aytib o‘tildi. Jumladan, sarmoyadorlar soliq qonunchiligi barqarorligini ta’minlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni ko‘paytirish kabi takliflar bildirilgan.
Ta’kidlash lozimki, milliy qonunchiligimizni takomillashtirish hozirgi davr talabi. Biz bu talabga labbay, deb javob berishimiz kerak. Chunki, dunyo hamjamiyati bilan barqaror mustahkam aloqalarni o‘rnatayotgan, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish ostonasida turgan mamlakat uchun milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu jarayon biz deputatlarning ham zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, dunyo muvozanati yangi davr va o‘zgarishlar ostonasida turgan shunday muhim pallada barqaror rivojlanish va jahon hamjamiyati oldida munosib o‘rnimizga ega bo‘lishimiz uchun har birimiz o‘z vazifamizni sidqi dildan ado etishimiz lozim.
Bir so‘z bilan aytganda, Toshkent xalqaro investitsiya forumi jahon miqyosidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladigan ulkan platforma bo‘lib dunyoga yuz ochmoqda.
Ulug‘bek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi rahbari.