
Kuni kecha islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda joriy yilning besh oyidagi iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlar qayd etildi. Jumladan, xorijiy investitsiyalar 46 foiz oshgani, qiymati 3 milliard dollarlik 2 ming 500 dan ziyod yangi quvvat ishga tushgani va 2 million 400 ming odam daromadli bo‘lgani qayd etildi.
Yig‘ilishda erishilgan natijalar bilan birga bajarilmagan rejalarga ham e’tibor qaratildi. Xususan, birinchi yarim yillikda 2 million 600 ming aholini band qilish reja qilingan. Lekin yetarlicha mablag‘ va sharoit yaratilgan bo‘lishiga qaramasdan bandlik rejasi 15 ta tumanda to‘liq bajarilmagani aytildi.
Bandlikni ta’minlash juda dolzarb masala. Sababi, kambag‘allik darajasida yashayotgan fuqarolarning bandligini ta’minlamasdan turib ularni murakkab ijtimoiy vaziyatdan chiqarish deyarli imkonsiz. Shu sababdan bandlikni ta’minlash masalasi har yilgi Davlat dasturlarimizda ham, uzoq va yaqin istiqbolni ko‘zlovchi strategiyalarimizda ham o‘z aksini topadi. Buni teran anglagan holda Xalq dekmokratik partiyasining dasturiy maqsadlarida ham bandlik masalasi ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, majlisda Xalq qabulxonalari tizimiga ham to‘xtalib o‘tilib, ular aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga murojaatlarni boshqa tashkilotlariga taqsimlash bilan mashg‘ul bo‘lib qolganiga e’tibor qaratildi. Bunga misol tariqasida o‘tgan yili virtual qabulxona va xalq qabulxonalariga yuborilgan murojaatlarning 55 foizi ijobiy hal etilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu o‘rinda Xalq qabulxonalari faoliyati samaradorligini oshirish uchun ularga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qilishi belgilandi. Bundan ko‘zlangan maqsad bugun tug‘ilgan muammoni keyingi kunga qoldirmasdan, murojaatni boshqa idoraga o‘tkazmasdan shu yerning o‘zida hal qilishdir.
Yodda tutaylik, har bir murojaat fuqarolarimizni qiynab kelayotgan aniq bir masalani anglatadi. Fuqarolarimiz olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ta’sirini o‘z hayotida yanada yaxshiroq xis qilishi uchun ham ularning murojaatlari o‘z vaqtida ijobiy hal etilishi kerak. Bu islohotlarning yanada izchil va samarador bo‘lishiga xizmat qiladi.
Bugungi globallashgan dunyoda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarning dolzarbligi oshib bormoqda. Buni odamlar o‘z hayotiga daxldor bo‘lgan har qanday masalaga talabchanligi ortganida ham ko‘rishimiz mumkin. Demak hech bir muammo va murojaatni e’tiborsiz qoldirmaslik – bu davr talabi. Shunday ekan biz deputatlar ham hududlardagi masalalarning Parlamentda tizimli hal etilishi uchun mahalliy kengashlar bilan yanada yaqindan ishlashimiz kerak bo‘ladi.
Ulug‘bek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi rahbari.