Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining bugungi yig‘ilishida qator qonun loyihalari, ularning ijtimoiy ahamiyati va amaliy natijadorligi yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilish davomida «Huquqiy eksperiment to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilinib, fraksiya a’zolari o‘z mulohazalarini bildirdi. Loyihada hududiy yoki sohaviy miqyosda yangi qonunchilik normalarini tajriba tariqasida joriy qilish ko‘zda tutilayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Bunday yondashuv qonunlarning hayot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishiga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Navbatdagi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridan foydalanuvchilar, ijarachi va ikkilamchi ijarachilar uchun jarima joriy etilishini ham nazarda tutmoqda.
Xususan, dala chetlaridan foydalanuvchilar, ijarachi va ikkilamchi ijarachilar tomonidan dala chetlarida, shuningdek, dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari (irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlari mintaqa zonasidagi yerlar bundan mustasno) atrofidagi maydonlarda maqbul ekinlar ekish hamda yil davomida mahsulot yetishtirish bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmasligi fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi taklif etilgan.
Fraksiya a’zosi Anvarxon Temirov qonun loyihasidagi ayrim normalar qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, yer resurslaridan samarali foydalanish, fermerlar, ayniqsa, ijarachilar huquqlarini mustahkamlashga xizmat qilmasligini ta’kidlab, loyiha Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlariga mos kelmasligi haqida pozitsiya bildirdi.
Yana bir deputatimiz Qizilgul Qosimova loyihada nazarda tutilgan jarima qo‘llash amaliyotiga qarshi chiqib, agentlik jarima qo‘llashga intilish orqali qo‘liga kaltak olayotganini, ammo maqsad jazolash emas, yerdan unumli foydalanish bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Dala chetlaridan foydalanuvchilar, ijarachilarni jarima qo‘llash bilan hafsalasini pir qilish emas, odamlarni mehnatga, natijaga rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish haqida o‘ylashni taklif qildi.
Muhokama savol-javoblar bilan uzoq davom etdi. Yakuniy ovoz berish natijalari fraksiya a’zolari qonun loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlamaganini ko‘rsatdi.
Majlisda ko‘rib chiqilgan boshqa qonun loyihalari bo‘yicha ham fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.