Jarimalar miqdorlari bilan bog‘liq me’yorlar qizg‘in muhokama qilindi

 

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 8 ta qonun loyihasi deputatlar muhokamasidan o‘tdi.

Kun tartibiga muvofiq, «Yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilganda ham deputatlarimiz jarimalarning miqdori oshirilishiga qarshi chiqib, ularni o‘zgarishsiz qoldirishga chaqirgan edi. Lekin ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida bu taklif inobatga olinmagan. Deputat Qizilgul Qosimova jarimalar miqdori oshirilishiga qarshi chiqdi. Ya’ni, amaldagi qonunga ko‘ra, fuqarolarga umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanganlik yoki elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan, o‘n besh baravarigacha jarima qo‘llash mumkin bo‘lsa, yangi loyiha bilan bu miqdor o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha oshirilishi kutilmoqda.

Bahs-munozaralardan so‘ng loyiha nisbatan ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullandi.

Yig‘ilishda «O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Loyihada pirotexnika buyumlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun sanksiya oshirilmoqda. Deputatimiz Anvarxon Temirov foydalanish uchun sanksiya keskin oshirilishiga e’tiroz bildirdi. Uning fikricha, olib kirish va ishlab chiqarish hajmi qisqarsa, o‘z-o‘zidan foydalanish ham kamayadi. Qolaversa, qonun ijodkorlari pirotexnika buyumlarining olib kirilishi va ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq raqamlarni taqdim qilmaganini ham aytib, jarimalar faqat foydalanuvchilar uchun oshirilishi masalaga bir tomonlama yondashish ekanini ta’kidladi.

Mazkur loyiha ham nisbatan ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullandi.

Majlisda boshqa qonun loyihalari ham atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish