Mamlakatimizda so‘nggi ikki yilda gender tenglikni ta’minlash borasida muhim qadam tashlanib, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi.
Gender tenglikni ta’minlash strategiyasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi esa mamlakatda inson huquqlariga nisbatan hurmat bilan qarashni shakllantirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasining 2020-2030-yillarda gender tenglikni ta’minlash Strategiyasi loyihasi ushbu yo‘nalish bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro ekspertlar vakillaridan iborat Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqildi.
Mazkur loyihada ijtimoiy-siyosiy soha, bandlik va mehnat migratsiyasida gender tenglikni ta’minlash, zo‘ravonlikning oldini olish hamda odam savdosi, gender rejalashtirish va byudjetlashtirish masalalaridan iborat 9 ta yunalish belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan isloxotlarning iqtisodiy o‘sishini jadallashtirish va mehnat bozoriga kirib kelayotgan xotin-qizlarni iqtisodiy faollik bilan qamrab olish uchun ishbilarmonlik, investitsion muhitni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilgan. Asosan, xotin-qizlarning iqtisodiy resurslardan, shu jumladan, ko‘chmas mulk, yer, moliyaviy kreditlar, jamoatchilik jamg‘armalari, shuningdek, erkin tanlangan tadbirkorlik faoliyati turlaridan teng foydalanish huquqi qo‘llab-quvvatlanadi.
Ayniqsa, chekka hududlardagi xotin-qizlarni munosib ish bilan ta’minlash bo‘yicha dasturlar yanada takomillashtiriladi. Ayollarning bandlik va mehnat bozoridan foydalanish huquqini kengaytirish uchun maktabgacha va boshlang‘ich maktab ta’limining hammabopligini oshirishga e’tibor qaratiladi.
Feruza EShMATOVA,
Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati