Fraksiyamiz taklifi bilan qonun loyihasi qayta ishlandi
Fraksiyamiz taklifi bilan qonun loyihasi qayta ishlandi

 

Bugun parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining majlisida bir qator qonun loyihalari atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, «Rasmiy statistika sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etish kerakki, Qonunchilik palatasining o‘tgan majlisida fraksiyamiz qonun loyihasiga ayrim asosli e’tirozlarini bildirgan, shundan keyin loyiha qayta ishlash uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarilgan edi.

Fraksiyamiz qonun loyihasi bo‘yicha, jumladan, rasmiy statistika sohasida vakolatli organning belgilanmaganligi, rasmiy statistikani tayyorlovchi sifatida kiritish Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan belgilangan mezonlar asosida amalga oshirilishi haqidagi me’yor huquqiy jihatdan asoslanmaganligini ta’kidlagan edi.

Bugungi majlisda ishchi guruhi tomonidan Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi takliflari hisobga olingani, qonun loyihasiga asos bo‘lgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar qayta inventarizatsiyadan o‘tkazilgani, rasmiy statistikani tayyorlovchi sifatida kiritishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha vakolatlar, mezonlar aniqlashtirilgani bildirildi.

Tashabbuskorlar fraksiyamiz a’zolariga qonun ijodkorligidagi faol ishtirok uchun minnatdorchilik bildirdi.

Fraksiyamiz a’zolari atroflicha muhokamalardan keyin bu safar qonun loyihasini ma’qulladi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish