Elektorat manfaatlari yo‘lida qat’iy pozitsiya

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mazkur qonun loyihasi bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 43-moddasining ikkinchi qismi ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibini sud buyrug‘iga asosan kommunal xizmatlar yoki aloqa xizmatlari to‘lovi yuzasidan qarzdorlikni hamda ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallari yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirishga ham tatbiq etishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritish taklif etilmoqda.

Fraksiyaning bir qator a’zolari qonun loyihasida undiruv qarzdor jismoniy shaxsning banklardagi hisobvaraqlarida turgan pul mablag‘lariga, ish haqi, stipendiyasi, pensiyasi va boshqa turdagi daromadlariga qaratish orqali amalga oshirish nazarda tutilayotgani, bu daromadi asosan ish haqi yoki pensiyadan bo‘lgan Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlariga, shuningdek, partiyaning siyosiy pozitsiyasiga to‘g‘ri kelmasligini bildirishdi.

Deputat Zulayho Akromovaning fikriga ko‘ra, bunday amaliyot qarzdorlarning, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning huquqlari cheklanishiga olib kelishi mumkin.

Fraksiyaning yana bir a’zosi Qizilgul Qosimova esa qonun loyihasi ijro ishlarini raqamlashtirish va tezlashtirish maqsadida tuzilgan bo‘lsa-da, aholining huquqiy himoya darajasi pasayishi mumkinligidan xavotirini bildirdi.

Deputat Anvarxon Temirov fraksiyadoshlari tomonidan ko‘tarilayotgan masalalar qonun loyihasi konsepsiyasiga to‘g‘ri kelmasligini, aksincha, unda aholining huquq va manfaatlarini himoya qilish, sohani raqamlashtirish orqali ijro hujjatlarining ijrosini tezkor va samarali ta’minlashga erishilishini bildirdi. Qonun loyihasiga fraksiyadan mas’ul deputat Jamol Achilov ham bildirilgan fikrlarni qo‘llab-quvvatlab, ayrim savollarga aniqlik kiritdi.

Muhokamalar yakunida ovozga qo‘yilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan bildirilgan munosabat va takliflarni inobatga olish sharti bilan konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlandi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish