Deputatlar aholi murojaatlarini o‘rganmoqda

Jarqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida viloyat hamda Jarqo‘rg‘on tuman Kengashlari deputatlari saylovchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda fuqarolar bir qator muhim masalalarni ko‘tardi. Jumladan, mazkur maktab binosi 1100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lishigfa qaramasdan, hozirgi kunda u yerda 2200 dan ortiq o‘quvchi taʼlim- tarbiya olayotganligi, sinflarda o‘quvchilar soni meʼyoridan oshib ketganligi, sinf xonalarining va o‘quv-texnik jihozlarining yetishmasligi aytildi. Bu o‘z-o‘zidan taʼlim sifatiga ham salbiy taʼsir ko‘rsatishi qayd etildi.
Deputatlar saylovchilarning 5-maktab haqidagi murojaatlarini eshitib, tegishli tashkilotlar bilan bog‘lanib, mas’ullarga so‘rov yuborib masalaga ijobiy yechim topishga qaror qilishdi.
Shuningdek, aholi vakillarining taklifi bilan deputatlar hududdagi xususiy va davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini o‘rganishga kelishib olishdi.


← Roʻyxatga qaytish