
Аyni damda O‘zbekistonimiz mustaqilligining 34 yilligi yangi-yangi yutuqlar va marralar bilan kutib olinmoqda. Аyniqsa, jamiyatda ayollarning o‘rni tobora yuksalib, xotin-qizlarga nisbatan eʼtibor va g‘amxo‘rlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Ular turli sohalarda faoliyat yuritib, o‘z salohiyatini namoyish etmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri barcha sohalarda gender tenglikni taʼminlashdan iborat. Xususan, so‘nggi yillarda kollej va universitetlarda qizlarning ulushi sezilarli darajada oshdi. Zamonaviy taʼlim, jumladan, IT yo‘nalishlari va ilmiy-tadqiqotlar uchun imkoniyatlar kengaytirildi. Davlat dasturlari va grantlari, shuningdek, xalqaro tashabbuslar ayollarga biznes, ilm-fan va ijtimoiy hayotda o‘zlarini namoyon yetish imkoniyatini beradi, bu esa mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy barqarorligini mustahkamlaydi.
Davlat statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2024−2025 oʼquv yili boshida 18−23 yoshdagi aholi orasida xotin-qizlar oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning 52,4 foizini tashkil etadi. Bu dinamika so‘nggi yillardagi chuqur o‘zgarishlarni aks ettiradi va xotin-qizlar taʼlimi milliy taraqqiyotning ishonchli tayanchi va o‘zagiga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda qizlar taʼlim imtiyozlari va stipendiyalarga ega. 2022 yildan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt puli to‘liq davlat tomonidan to‘lab berilmoqda. Bugungi kunda 14 mingdan ziyod talaba shunday ko‘makka ega bo‘ldi.
Shuningdek, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun kvotalar va grantlar mavjud. Oliy o‘quv yurtlariga kirishda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qizlari uchun 4 foizli kvota joriy etildi. Ehtiyojmand oilalarga mansub 2,5 mingdan ortiq qizlar 2024 - 2025 yillarda qo‘shimcha davlat grantlari asosida oliy o‘quv yurtlariga qabul qilindi.
Shuningdek, 2022 yildan boshlab oliy o‘quv yurtlari, texnikum va kollejlarda tehsil olayotgan qizlar uchun 7 yil muddatga foizsiz kreditlar joriy etildi.
Gender tenglikka erishish bo‘yicha islohotlar dasturi amalga oshirilmoqda. 2025 yil 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati 2030 yilgacha mo‘ljallangan Gender tenglik strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha kompleks dasturni tasdiqladi. Ushbu dastur xotin-qizlarning ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalardagi ishtirokini kengaytirish, ularning davlat tuzilmalari boshqaruvidagi vakilligini oshirishni o‘z ichiga oladi. 148 nafar xotin-qizlar "El-yurt umidi" jamg‘armasi orqali xorijda taʼlim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mazkur dastur xotin-qizlarning yetakchilik salohiyatini shakllantirish chora-tadbirlarini ham o‘z ichiga oladi.
2025 yilda magistraturada tahsil olayotgan 15 000 nafar xotin-qizlarning shartnoma toʼlovlari davlat tomonidan moliyalashtirildi. Bu 2017 yilga nisbatan 3,5 barobar ko‘p. "Rahbar ayollar maktabi" loyihasi orqali o‘qitish va malaka oshirish tashkil etildi.100 nafar xotin-qiz kunduzgi taʼlim, 20 000 dan ortiq xotin-qizlar esa onlayn kurslarda o‘qimoqda.
Bugungi kunda 14 000 dan ortiq ayollar universitetlarda o‘qituvchi va ilmiy xodimlar sifatida faoliyat yuritmoqda.
Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha sezilarli natijalarga erishildi. So‘nggi 5 yilda yurtimizda tadbirkor ayollar soni 2 barobar ko‘paydi.
BMT Taraqqiyot dasturining 2025 yil aprelь oyidagi hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonda 2,1 million tadbirkor ayol faoliyat yuritgan, bu 2020 yilga nisbatan yetti baravar ko‘pdir.
Yangi O‘zbekistonda ayol siyosatchi - bu qatʼiyatli va o‘ziga ishongan shaxsdir. Аyol deputatlar sonini ko‘paytirish – ayollar yetakchiligini ilgari surish va ularning mamlakat siyosiy hayotidagi rolini kuchaytirishdagi eng muhim bosqichdir. Parlamentda ayollar sonining ko‘payishi demokratiyaning umumiy mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi. Hozirgi vaqtda mamlakat parlamentida ayollar ulushi 38 foizni tashkil etadi. Bu saylov qonunchiligida belgilangan siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning 40 foizi ayollardan iborat bo‘lishi lozimligiga oid normaning amaliyotga tatbiq etilgani natijasidir.
Umuman olganda, mustaqil yurtimizda har bir ayol o‘zini qadrlangan, himoyalangan va zarur imkoniyatlar bilan taʼminlangan holda his еtmoqda.
Yana bir yaxshi yangilik. O‘zbekistonning gender tenglikni taʼminlash va BMTning inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarida parlament ishtirokini taʼminlash bo‘yicha tajribasi eng yaxshi amaliyot sifatida eʼtirof etildi.
Xalqaro maydondagi eʼtirof O‘zbekiston parlamentining gender tenglikni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilishdagi roli ortib borayotganidan dalolat beradi.
Xulosa qilib aytganda, yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab–quvvatlashga qaratilgan barcha chora-tadbirlar, ayollarga ko‘rsatilayotgan hurmat va ehtirom - bu davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi va jamiyatimizning qadriyati sifatida o‘z natijasini bermoqda.
Irina TOKAREVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.