Yurtimizda har bir hudud, ayniqsa mahallalarda aholi turmush darajasini oshirish, ular uchun munosib sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu doirada Oqoltin tumanidagi “Ko‘rkam diyor” mahallasida keng ko‘lamli obodonlashtirish va qurilish ishlari olib borilmoqda. Deputatlarimiz u yerda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirishdi.
Hududda yo‘l infratuzilmasini yangilash, ichki yo‘llarni asfaltlash va kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish orqali aholi uchun qulay va zamonaviy muhit yaratish yo‘lida tizimli ishlar boshlangan.
Ayni kunlarda mahalladagi 10 ta ko‘p qavatli uylarning ichki va tashqi fasadlari ta’mirlanib, kanalizatsiya tarmoqlari yangilanib, aholi salomatligi va ekologik tozalikka xizmat qiladigan muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
Shuningdek, yo‘l yoqalarida beton qoplamali suv o‘tkazish ariqlari qurilib, mahallaning suv xo‘jaligi tizimi yaxshilanmoqda. Bu esa yomg‘ir va toza suv oqimini tartibga solish, yo‘llarning uzoq muddat sifatli saqlanishi, aholi tomorqalarida dehqonchilik jarayonlarini samarali olib borish imkonini yaratadi.
Aholi deputatlarga mazkur o‘zgarishlardan mamnunligini, ularning fikr va takliflari inobatga olinganidan minnatdorligini bildirishdi.