Farg‘onada yoshlar bandligi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi

 

O‘zbekiston XDP Farg‘ona viloyat kengashi hamda xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi tomonidan yoshlar bandligi va ishga joylashish imkoniyatlari, oliy ta’lim bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasi, ta’limdan chetda qolgan yoshlarni faol hayotga jalb qilish hamda nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun teng va adolatli mehnat sharoitlari yaratish masalalari bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.

Yoshlar ishlari agentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i hamda Marg‘ilon shahri, Toshloq, Dang‘ara tumani hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari axborotlari eshitildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda joriy yil boshida 1 015 ta mahallada o‘tkazilgan xatlov orqali 1 mln 6 ming 155 nafar “yoshlar balansi” shakllantirilgan. Yoshlarning 679 581 nafari (67.5 foizi) “yaxshi”, 321 147 nafari (31,9 foizi) “o‘rta”, 15 763 nafari (1.6 foizi) “qizil” toifadagi (shundan, 7 309 nafar og‘ir toifa asosida biriktirilgan ishsiz yoshlar) yigit-qizlarni tashkil etadi.

Viloyatda joriy yilda 4 623 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 4 216 nafariga (81,3 foiz) manzilli va maqsadli yordam ko‘rsatilgan. Yer olish istagini bildirgan 18 637 nafar yoshlar tomonidan 5 002,7 gektar yer maydoni (rejaga nisbatan 101 foiz) savdolarda yutib olingan. Ijara asosida yer olgan 17 996 nafar (96,8 %) ishsiz yoshlarning 6 767 nafari o‘zini o‘zi band qilish orqali va 11 229 nafari yuridik shaxs tashkil etmagan holda dehqon xo‘jaligi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib, bandligi ta’minlangan.

Yil yakuniga qadar viloyatda 2 ming 341 nafar ishsiz yoshlarni hamda 45 ming 639 nafar mehnat bozoriga kirib keladigan bitiruvchi yoshlarni “Yoshlar bandligi dasturi” asosida band qilish rejalashtirilgani bildirildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yoshlar bandligiga ko‘maklashish yo‘lida ijtimoiy-iqtisodiy faol bo‘lishi, hayotda munosib o‘rnini topishi uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarur, deb hisoblaydi. Bu boradagi vazifalarni bajarishga mas’ul etib belgilangan idora-tashkilotlarning ish samaradorligini oshirish, ularning yoshlar va keng jamoatchilik oldida hisobdorligini ta’minlash, bandlik va ish joylari haqidagi ma’lumotlar haqqoniyligiga erishish, mutasaddilar bilan yoshlar o‘rtasida bevosita muloqotni kuchaytirish jamoatchilik eshituvining asosiy maqsadi hisoblanadi.

Muloqot davomida yoshlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va kasb-hunar o‘rgatish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya, nogironligi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Jamoatchilik eshituvi ochiq muloqot va savol-javoblar tarzida o‘tdi. Tadbir yakunida yoshlar bilan muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini yanada oshirish, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Men OʻzXDPni tanladim Yoshlar qanoti
← Roʻyxatga qaytish