Korrupsiyaga qarshi kurashda ahamiyatsiz masala bo‘lmaydi

 

Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizning navbatdagi yig‘ilishida bir qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

Ma’ruzada keltirilishicha, 2024-yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan 7 354 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ularning 1 525 nafari yoki 20 foiziga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Korrupsion jinoyatlar orasida eng keng tarqalgan turi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish jinoyati bo‘lib, 4189 marta sodir etilgan. Eng ko‘p korrupsion jinoyat sodir etilgan hududlar uchligi: Andijon 882 ta, Namangan 877 ta va Toshkent viloyati 697 ta.

Korrupsiyaga oid jinoyat uchun sudlangan shaxslar sohalar kesimida tahlil qilinganda 654 nafari maktabgacha va maktab ta’limi, 342 nafari sog‘liqni saqlash va 271 nafari tijorat banklari tizimida faoliyat yuritgani ma’lum bo‘lgan.

Agentlik vakili ma’ruzani o‘qib eshittirgandan so‘ng, savol-javob va muhokamalar boshlandi. Fraksiyamiz a’zosi Shokirjon Ahmedov mas’ullardan Korrupsiyani qabul qilish reytingida O‘zbekistonning o‘rni 4 yil davomida bir pog‘ona ham yuqorilamagani sababini so‘radi.

Mas’ulning aytishicha, bunga davlat boshqaruvida hisobdorlik va mustaqil nazorat mexanizmlarining yetarli emasligi, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni huquqlari himoyasidagi kamchiliklar, davlat xizmatchilarini korrupsion holat uchun javobgarlikka tortish mexanizmlarining nomukammalligi kabi omillar sabab bo‘lmoqda.

Milliy ma’ruza yuzasidan qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Majlisda, shuningdek, atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasida deputat Anvarxon Temirov loyihada oddiy fuqarolarga qaratilgan jarimalar miqdori oshirilayotgani, aksincha, daromadi bor subyektlarning jarimalari yengillashtirilayotganiga e’tiroz bildirdi.

Qonun ijodkorligida fuqarolarga jarima miqdorlarini ko‘paytirish, ma’muriy jazolarni qo‘llash doirasini kengaytirish kabi masalalarga jiddiy ijtimoiy mas’uliyat bilan yondashish zarurligi ta’kidlandi.

Fraksiya a’zolari kun tartibidagi har bir masalani atroflicha muhokamadan o‘tkazib, yakunda tegishli qarorlar qabul qilishdi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish