
To‘g‘ri, XXI asr axborot texnologiyalari, innovatsiyalar asri. Ammo yoshlarimiz, hattoki go‘daklarimiz ko‘p vaqtini telefon bilan o‘tkazayotgani ularning ruhiy va jismoniy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bolalarda ilk yoshlaridanoq telefonga qaramlik jismoniy salomatlikka yomon ta’sir etishi bilan birga, uning ruhiy rivojlanishini keskin o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Deputatlik faoliyatimga qadar ko‘p yillar davomida tibbiyot tizimida faoliyat yuritgan inson sifatida aytishim mumkinki, smartfonlardan tez-tez va ko‘p foydalanadigan o‘quvchilarda ruhiy va xatti-harakatlarning buzilishi bilan bog‘liq belgilar ko‘p uchraydi.
Aytaylik, bizga doimiy hamrohlik qiluvchi telefonlarning inson salomatligi uchun zararli tomonlari mavjud. Avvalo, ular o‘zidan xavfli elektromagnit to‘lqinlar chiqaradi. Biz esa uni uxlaganimizda ham yostig‘imizning tagiga yoki yonimizga qo‘yib uxlaymiz. To‘lqinlardan nurlanishning zarari kichik yoshdagi bolalar uchun yanada kuchliroq bo‘lib, bu ularda keyinchalik immunitetning pasayishi, asab tizimida muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Amerikalik tadbirkor, ixtirochi va biznesmen, “Apple” korporatsiyasining asoschilaridan biri Stiv Jobs o‘z vaqtida farzandlariga gadjetlardan foydalanishda bejiz cheklovlar qo‘ymagan. Yoki “Apple”ning ayni vaqtdagi rahbari Tim Kuk jiyanlariga ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatga o‘tishga ruxsat bermagan.
Ko‘rish qobiliyati pasayishi, semizlik, holsizlik - bu telefon orqali kelib chiqadigan kasalliklarning bir qismi, xolos. Qaramlik qurboni nafaqat ko‘zlarimiz, balki miyamiz hamdir. Eng qo‘rqinchli tomoni, yoshlarning, bog‘cha yoshidagi, maktab yoshidagi bolalarning mobil qurilmalardan ko‘p foydalanishi asab tizimining yemirilishi bilan birga inson miyasida turli shishlar va o‘simtalar hosil bo‘lishiga olib keladi.
Bola hayotining ilk uch yili uning bosh miya rivoji uchun eng muhim davr hisoblanadi. Bu paytda u harakat qilish, yuz ifodalarini, atrofdagi tovush va so‘zlarga e’tibor qaratish, o‘z his-tuyg‘ularini tushunish va boshqarishni o‘rganadi. Ammo ekran bu tabiiy rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ekranga erta bog‘lanish bolada nutq rivojini sekinlashtiradi. Ijtimoiy ko‘nikmalarni pasaytiradi. Hissiy boshqaruvni zaiflashtiradi. Shuningdek, harakatchanlikni kamaytiradi. Bundan tashqari, bolada diqqat bo‘linishi yuzaga keladi.
Bir kunda kamida 5 soat davomida telefondan foydalangan bola atrofga befarq bo‘lib qoladi, hatto ismini aytib chaqirgan odamga ham e’tibor bermaydi.
Qizilgul QOSIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 17.9.2025, №37