Bilim va tarbiya uyg‘unligi yo‘lida
Bilim va tarbiya uyg‘unligi yo‘lida

 

Kuni kecha davlat rahbarining o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqoti chog‘ida pedagoglar uchun yangi imtiyozlar joriy qilinayotgani aytib o‘tildi. Jumladan, kelgusi o‘quv yilidan davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt puliga 30 foiz chegirma berilishi, yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab berilishi chin ma’noda yurtimizda o‘qituvchi va murabbiylarga berilayotgan yuksak e’tibor namunasidir. Bunday tashabbuslar o‘qituvchi pedagoglarga katta kuch bag‘ishlaydi.

Yig‘ilishda nafaqat o‘qituvchilar, balki bog‘cha tarbiyachilari uchun ham muhim yangiliklar bo‘layotgani ta’kidlandi. Statistik ma’lumotlarga nazar tashlasak, hozirgi kunda 7 mingdan ortiq davlat bog‘chalarida 120 mingga yaqin pedagoglar faoliyat yuritib kelmoqda. Lekin ularning atigi 34 foizi oliy ma’lumotga ega. E’tiborlisi, tarbiyachilar orasida ham xuddi maktab o‘qituvchilari kabi toifalar mavjud va oylik ish haqi ham shunga qarab farqlanadi.

Endi davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajratmagan holda oliygohlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Yana bir yangilik. Xuddi Prezident maktablari kabi har bir viloyatda “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil qilinib, ularda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi. Eng muhimi, yangi metodikalarni o‘rganish uchun bu maskanlarning eshigi xususiy bog‘cha tarbiyachilariga ham doimo ochiq bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda joriy qilinayotgan imtiyoz va yangiliklarning barchasi kadrlar salohiyatini oshirishga hamda kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimizning munosib tarzda tarbiya topib, bilim olishlariga xizmat qilishi, shubhasiz.

 

Zavra ABDULLAYEVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish