Kambag‘allikni qisqartirish yo‘lidagi sobitqadamlik
Kambag‘allikni qisqartirish yo‘lidagi sobitqadamlik

 

Bir oila kambag‘alligining bitta emas, bir nechta sabablari bo‘ladi. Bu oila barqarorlikka chiqishi uchun har bir sabab bilan shug‘ullanish, muammoning yuzaga kelish omillarini bartaraf etish kerak. Shuning uchun mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish vazifasiga keng ko‘lamli yondashilyapti, eng muhim tarmoqlar to‘liq safarbar qilinyapti.

Asosiy maqsad bir-ikki kunlik yoki bir necha oylik xotirjamlik hosil qilish emas, doimiy yurib ketadigan tizim yaratish, oilalar umidsizlik, ishonchsizlik holatidan to‘liq chiqib ketishi, odamlar o‘ziga ishonib harakat qilishiga erishishdir. Tadqiqotlar bizdagina emas, butun dunyoda bu masala dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumi ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev turli muammolar ta’sirida global iqtisodiy o‘sish sekinlashgani, oqibatda jahonda kambag‘al aholi soni oshganiga e’tibor qaratdi. Bu holat barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar, umuman, dunyo hamjamiyati oldiga yangi va dolzarb vazifalar qo‘yayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston shunday chaqiriqqa munosib javob berishga intilmoqda, har bir inson imkoniyatlarni kengaytirishga jazm etmoqda. Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlab, daromadini oshirish uchun resurslar yo‘naltirilyapti.

Kambag‘allikning asosiy sabablari ta’limning, muntazam va professional kasb-hunarning yetishmasligi, himoyaning kerak paytda ko‘rsatilmasligi bilan bog‘liq. Kambag‘al oilada o‘sgan bolalar kerakli ta’limni ololmasa, ota-ona hunar va mehnat bilan fikri va harakatini o‘zgartirmasa, bunday oilada vaziyat yanada murakkablashishi turgan gap.

Shuning uchun, nutqda ta’kidlanganidek, sifatli ta’lim inson kapitalini rivojlantirish, uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy “drayveri” bo‘lib qoladi.

Bitta misol, kambag‘al oila bolalarini maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish uchun sharoit yaratiladi. Bunday oilalar farzandlari uchun xorijiy til va kasb-hunar o‘rganishga ketadigan xarajatlarning 80 foizi qoplab beriladi. Ota-ona kichkina farzandini bog‘chaga qo‘yib, mehnatga urinadi, maktab yoshidagi bolalar esa zamonaviy bilim yoki kasb-hunar o‘rganish bo‘yicha juda qulay imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Bu oilaning barcha a’zolariga nisbatan manzilli, tizimli yondashuv hisoblanadi.

Endi Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil etilib, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berish yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni, eng zamonaviy, asosiysi, kerakli kasblarga tayyorlash doimiy bandlik uchun nihoyatda muhimdir.

Himoyaning vaqtida yoki to‘g‘ri manzilda ko‘rsatilmasligi kambag‘al oilalar holatini yana og‘irlashtirishi mumkin. Ijtimoiy himoya milliy agentligi yagona tizim bo‘ldi, natijada har bir tuman va shaharda “Inson” markazlari ochilib, 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar “bir darcha” tamoyili asosida ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Kambag‘al oilalarning parvarishga muhtoj a’zolariga yangi ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani 50 ming nafar yurtdoshimizga bexavotir ishlash imkonini yaratdi.

Bu juda muhim, hayotni o‘zgartirish uchun juda ahamiyatli raqamlar. Mazkur raqamlarda minglab oilalar, millionlab yurtdoshlarimizning hayoti, dunyoqarashi, intilishi o‘zgarayotgani aks etmoqda.

Boylik va imkoniyatlarning kam sonli jamiyat a’zolari ixtiyorida to‘planib qolishi davlatning fundamental asosida turadigan huquq va imkoniyatlar tengligi tamoyilini buzadi. Bunday buzilish ijtimoiy barqarorlik uchun jiddiy xavfni paydo qiladi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga intilish, ijtimoiy-iqtisodiy xatarlar bilan hisoblashish, har bir insonning munosib hayot kechirishga haqqi borligiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish va bunga sharoit yaratish har bir davlatning, xalqaro tashkilotlarning bosh vazifalaridan biriga aylangani bejiz emas.

O‘zbekiston bu mas’uliyatga munosib harakat qilyapti. Nutqda keltirilganidek, davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun sarflanmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti bu borada juda hayotiy masalani ko‘tardi. Ya’ni, xavf-xatarlarni obyektiv baholash, moliyaviy resurslarni jalb qilish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha “kambag‘allikka qarshi kurashning yangi moliyaviy arxitekturasi”ga ehtiyoj sezilayotgani bildirildi.

Xalq demokratik partiyasi kambag‘allikni qisqartirish, inson kapitalini har tomonlama rivojlantirish, har bir insonga sharoit va imkoniyat berishdek ezgu harakat va tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Bu yo‘ldagi reja va ko‘rsatkichlarga yetishni o‘zining dolzarb siyosiy maqsadi, deb biladi.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish