
Joriy yilning 9-sentabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ta’lim yo‘nalishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hamda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda yurtboshimizning nutqi tabiiyki jamiyatimizda ilm-fan, ma’rifat hamda ta’lim sohasiga bo‘lgan e’tibor va ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi.
So‘nggi sakkiz yil ichida mamlakatimizda ta’lim va ilm-fan sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar 6 barobar oshganligi hamda sal kam besh yuzta maktabning qurib foydalanishga topshirilganligi o‘qituvchi va o‘quvchilarga qaratilgan keng qamrovli e’tibordan cheksiz hurmat- izzatdan dalolat beradi.
Ayniqsa, mamlakatimizda kasbiy ta’lim agentligini tashkil etish bilan bog‘liq tashabbus, sohaga eng ilg‘or ta’lim dasturlarining joriy etilishi yoshlarimizning xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlaridan qolishmaydigan texnikumlarda turizm, tibbiyot, qurilish, logistika, iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda mustahkam bilim olib, o‘zlariga yoqadigan kasblarni egallashlariga katta imkoniyatlar eshiklarini ochadi.
Pedagoglarimiz uchun ipoteka kreditlarining boshlang‘ich badalini qoplash, farzandlarining kontrakt to‘loviga chegirmalar berish, kompyuter xaridi uchun imtiyozli kredit ajratish, davlat xizmatlari to‘lovlarini ikki barobar kamaytirish kabi choralar ustoz va murabbiylarning mustahkam ijtimoiy himoyasidan darak beradi. Bunday imkoniyatlar kelajakda mamlakatimiz iqtisodiyotining ko‘tarilishiga, har tomonlama taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Muallimlik juda qiyin kasb sanaladi. Ko‘chada tuzuk yurishni, maktab partasida durust o‘tirishni, qalam-ruchka tutishni, daftar va kitoblarni ozoda saqlashni eplolmaydigan jajji bolakaydan 11 yil ichida tuppa-tuzuk insonni shakllantirish o‘ta mushkul va mas’uliyatli burch. O‘z o‘rnida buning mas’uliyati ham ancha zalvorli. Yaqin o‘tmishning atoqli namoyondasi Abdurauf Fitrat “Hayotimizdagi eng qiyin hamda og‘ir masala bola tarbiyasidir”, deb bejiz aytmagan. Allomaning fikriga qo‘shiladigan bo‘lsak yaxshi o‘qituvchi kelajagimizni kafolatlashini qiyinchiliksiz anglay olamiz. Darvoqe, maktabda a’lo baholarga o‘qigan, ustozlarining og‘zidan chiqqanini ilib olgan bola tabiiyki iqtidoriga qarab muallimi asos solgan kelajakni boshqaradi.
Barchamizga ma’lumki, kasbini hurmat qilgan ustoz-muallimlar kunduzi maktabda jonini jabborga berib, kechasi uyida uyqudan qolib ishlaydilar. Ular o‘quvchilarining birorta savoliga javob topolmay uyatli bo‘lishdan xavotirlanib yashashadi. Ba’zan o‘ziga, oilasiga, yaqinlariga vaqt ajrata olmaydi. Avval-boshda o‘qituvchi deganimizning asosiy vazifasi bolani zeriktirib qo‘ymaslikdan iboratdir. Ma’lumki bolaning ko‘ngli guldan ham nozikdir. Ular maktabdan zerikdimi, tamom. Turli bahonalar axtarib darslardan qochishning, muallimining ko‘zidan panaroqda bo‘lishning payiga tushib oladilar. Aynan shu pallada ularni yana darslarga qaytarishning, qiziqishlarini tobora orttirishning o‘zi bo‘lmaydi. Shuning uchun bugun o‘qituvchilarni qancha qo‘llab-quvvatlasak, ularga namunali shart-sharoitlar yaratib bersak, e’zozlasak ham kamlik qiladi.
Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Axborot manbalari ko‘payib, turfa fikrlilik kuchaydi. Aldanib qolish va osongina aldab qo‘yish mezonlari kengaydi. Yosh avlod maktab pedagogik jamoasi oldiga shunday talab va istaklarni ko‘ndalang qo‘yadiki yechimini izlab boshingiz qotadi. Buning natijasi o‘laroq o‘qituvchilarning bilimsizligi, maktab jamoasining muammolari, ota-onalar bilan doimiy aloqa o‘rnatilmaganligi bir zumda sezilib qolishi ehtimollari juda katta. Aksiga olib bizni o‘rab turgan tabiat qonunlari ham tobora o‘zgarib bormoqda. Shunga o‘xshash tahlikalar zamonda davr bilan hamqadam bo‘laman, deya odamzod esidan og‘ishi hech gap emas. Hayotdan orqada qolishni esa kechirib bo‘lmaydi. Zamondan, zamondoshlaridan yiroqlashish o‘qituvchining zuvalasini buzadi. Maqsadimiz ta’lim tizimida yaxshi natijaga erishish ekan, avvalo o‘qituvchilarni bilimli, zukko va tadbirli qilish zarur. Bilim berish deganimiz muallimning salohiyatini, tajribasini, odob-axloqini, yurish-turish madaniyatini ham o‘z ichiga oladi albatta. Bugungi o‘qituvchi har bir sohada cheksiz va bepoyon bo‘lishi shart. Biz istagan o‘qituvchilar safi kengaysa, maktablarimizda kelajagimiz uchun foydali muhit yuzaga keladi.
Maktablarda ilm-u qudratga boy manba shakllangandan so‘ng tabiiyki, ota-onalar shuurida ham ijobiy o‘zgarishlar yuz beradi. Shuncha yutuq va yangilanishlardan keyin muallimlarning qadr-qimmati ortib borishi shubhasiz. Ammo bu borada masalaning ikkinchi tomoni ham borki undan juda ehtiyot bo‘lish lozim. Bir maktabda ishlaydigan o‘nta o‘qituvchining yutuqlarini ba’zan, xuddi shu maktabdagi birgina o‘qituvchining xatosi yoki nojo‘ya qilmishi chippakka chiqarib yuborishi bor gap. Bunday ko‘rgulikka duch kelmasligi uchun har bir o‘qituvchi o‘z atrofini mustahkam himoyalab qo‘yishi ayni muddaodir.
Shunisi ayonki oylik maoshning keskin ko‘paytirilishi o‘qituvchilarni saralab olish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga ularning ko‘ngillarini xotirjam bo‘lishiga, ishiga mas’uliyat bilan yondoshishiga olib keladi. Aksincha bo‘lsa, o‘qituvchilarning tashvishi, muammolari tobora ortib boraveradi. Buni tushunish qiyin emas.
Dilida tuguni, dard-tashvishi bor inson sira o‘ziga o‘xshamaydi. Bu holat o‘qituvchining fe’liga juda tez va og‘ir zarbalar berishi, ularni o‘z kasbidan sovutishi muqarrardir. Muallim o‘z kasbidan sovisa ta’lim-tarbiya butunlay orqaga ketadi. Savodsizlik boshlanadi. Odamlar chalasavod farzandlarini o‘qitish uchun oliy o‘quv yurtlari eshigiga pul ko‘tarib borishni boshlashadi. Bir gap bilan aytadigan bo‘lsak, o‘qituvchining oylik ish haqi ro‘zg‘or tebratishga yetmasa har qanday jamiyat va davlatda korrupsion harakatlar, holatlar kuchayadi. Prezidentimiz yuqorida ta’kidlangan tadbirlarda o‘qituvchining oylik maoshlarini jahon standartlariga tenglashtirish lozimligini bejiz ta’kidlamadi. Bunday taklif va tashabbusda ustozlar mehnatining yuksak qadr-qimmati hamda tizimda ta’magirlikning oldini olishga qaratilgan mezonlar mujassam.
Ayni pallada ba’zi maktablarimizda shunday muhit hukmronki, bola o‘qituvchidan cho‘chiydi. Nima uchun? Chunki bizda bolaning bilimini baholash mezoni bor. Buni o‘zgartirish, zamonga moslash kerak. Ikki baho olgan bola baribir do‘stlari oldida qisinadi. Ba’zan, qalbi beozor bolaning darslarni o‘zlashtirolmayotganligini bilgan ayrim o‘qituvchilar uni keragidan ortiq darajada kamsitib yuborishadi. Muallimning dakkisidan, a’lo baholarga o‘qiydigan sinfdoshlarining jizzaki hamda izzaki munosabatlaridan “ikkichi” o‘quvchi uyaladi. Uyat asta-sekinlik bilan qo‘rquvga aylanadi. Qo‘rqqan bola maktabga borishni istamaydi. O‘qituvchisi oldida bilganlarini aytib berolmaydi. Darsga tayyor bo‘lsa-da, yana o‘qituvchisidan dakki eshitishi mumkinligidan qo‘rqib qoladi. Ichidagini hech kimga aytolmay qiynaladi.
Xo‘sh, maktab va bola o‘rtasidagi bunday nomutanosib muhitdan qanday qutulish mumkin? Buning uchun har bir sinfda tajribali psixologlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozim. O‘qituvchilar ham, ota-onalar ham psixologlar oldida hisobdor bo‘lishi shart. O‘qituvchining ishiga baho berish yoki uni rag‘batlantirishdan avval bevosita maktab psixologining fikr-mulohazalariga ham suyanilsa foydadan holi bo‘lmaydi. O‘z o‘rnida psixologlar maktab ma’muriyati va ota-onalarga o‘z vazifalari, rejalari haqida axborot berib tursa maktab hayoti tobora yaxshilanib boraveradi. Shuningdek, o‘qituvchining darsdan tashqari paytlarda ham o‘quvchilar atrofida ko‘proq bo‘lishi, ular bilan hayotiy mavzularda tez-tez muloqot qilib turishi bola o‘zligidagi tortinish, cho‘chish alomatlarini yo‘qotadi. O‘quvchi balan o‘qituvchining ruhan yaqinlashuvi o‘rtadagi har qanday salbiy munosabatlarga chek qo‘yadi. Bunday ustozlarni tarbiyalash, ko‘paytirish ayni zamondagi ta’lim jarayonining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi lozim. Ushbu yo‘nalish o‘z o‘rnida pedagoglar tayyorlaydigan oliy ta’lim tizimida ham katta o‘zgarishlar qilinishini talab etadi.
Yuqori sinf o‘quvchilarining kuniga olti-yetti soatlab o‘qishini biz zamon, davr hamda ta’lim standartlarining talabi deymiz. Aslida darslarning ko‘pligi o‘quvchilarni sinfga kirishdan bezdirib qo‘yishning ham oldini olishimiz shart. Buning chorasi sifatida men ba’zi bir darslarni, hattoki, matematika, kimyo, fizika darslarini ham gohida tashqarida – ochiq havoda o‘tishni qo‘llab ko‘rish lozimligini taklif sifatida kiritaman. O‘ylaymanki, buning foydasi katta bo‘ladi va yaxshi natijalarga olib kelishi tayin. Har bitta yangilikda lazzat bor deganlaridek, bolalar hamisha yangilikka intiluvchan bo‘lishadi.
Sir emas, bugun o‘qituvchilarning yarmidan ko‘pi uy-ro‘zg‘or tashvishlariga ham o‘ralashib qolishgan. Ayniqsa, ayollarimiz, opa-singillarimiz. Tabiiyki, oila tashvishlariga duch kelgan ustoz o‘zganing bolasiga bilim berishdan ko‘ra ko‘proq o‘zining muammolarini hal qilishni o‘ylaydi. Toki muallim va muallimalarning fikr-xayoli faqat maktab va dars jarayoni bilan bog‘lanmas ekan, ta’lim tizimining kemtiklarini aslo to‘ldirib bo‘lmaydi. Ta’lim dargohidagi darslardan qoniqmagan ota-onalar farzandlarini narxi falon millionli repetitorlarga topshirishga majbur bo‘lishadi. Buning ustiga maktabda to‘liq ta’lim olgan o‘quvchilardan to‘rttaginasi, repetitorga qatnaganlardan besh-oltitasi oliy o‘quv yurtlariga kirsa bas, maktabning, o‘qituvchilarning reytingi repetitornikidan ikki-uch barobar pasayib ketadi.
Gapning sarasini aytadigan bo‘lsak, bugun ta’lim jarayonida o‘zgartirilishi, yangilanishi lozim bo‘lgan masalalar ham yo‘q emas. Bu muammolarni bartaraf etish masalasi faqat vazirlikka yoki vazirga bog‘liq emas. Buni butun bir millat birikib hal etsagina dildagi ezgu-maqsadlarga tezroq erishamiz. Shuningdek, men arzimagan sabablar bilan maktablarga iddao qilib keladigan, o‘qituvchilarning hurmat-izzatini to‘kib, haqorat qiladigan ota-onalardan ham og‘ir-bosiq bo‘lishlarini, maktab eshiklarini qattiq yopmasliklarini, yetti o‘lchab bir marta kesishlarini so‘rayman. Shuni unutmang-ki o‘qituvchilar hech qachon farzandingizning yomon inson bo‘lib tanilishini istamaydilar. Maktab ta’limi hamda muallimlar, muallimalar hayotiga shaxsan davlatimiz rahbari tomondan e’tibor berilayaptimi, bilingki, sohada jiddiy o‘zgarishlar qilish bilan bog‘liq harakatlar allaqachon boshlab yuborilgan. Alqissa, Prezidentimizning taklif hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, uning ijrosini ta’minlashga munosib hissa qo‘shish har birimizning muqaddas burchimiz bo‘lmog‘i lozim.
Gulshan MIRZAYEVA,
Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputat,
O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi.