O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali teatrida tantanali bayram tadbiri o‘tkazdi. Qadrdon teatrga yig‘ilgan 400 nafarga yaqin soha fidoyilariga hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, dildan suhbat qurildi.
Bayram tadbirini O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov ochib berarkan, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek mas’uliyatli vazifani zimmasiga olib, mehnat qilish haqiqiy fidoyilik namunasi ekanini qayd etdi. Keyingi yillarda o‘qituvchi maqomi yuksalganini ta’kidlab, ustoz va murabbiylarni sharafli kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi.
Tadbirda soha vakillari davlat rahbarining o‘qituvchi va murabbiylar uchun qo‘shimcha imtiyozlar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari haqida g‘ururlanib gapirdi. Jumladan, 15 yillik stajga ega pedagoglar uchun ipoteka kreditini rasmiylashtirishda boshlang‘ich badalning 25 foizini davlat o‘z zimmasiga olishi, o‘qituvchilarning farzandlari uchun kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma berilishi, uy-joy sharoitini yaxshilash va bosh qator yengilliklar ming-minglab pedagoglarning ko‘nglini ko‘targani, o‘z mehnatiga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirgani qayd etildi.
Bir qator quvonchli yangiliklar, yuksak hurmat-e’tibor sharofati bilan bu yilgi bayram har qachongidan shukuhli, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tayotgani, bir paytlar chetroqqa chiqib qolgan soha fidoyilari bugun munosib ehtirom ko‘rayotgani haqida fikrlar bildirildi.
Ta’lim tizimi xodimlarining ijtimoiy himoyasi yanada oshayotgani, o‘qituvchi va pedagoglarning qadri ko‘tarilayotgani, yosh avlodning bilim olish va kasb-hunar o‘rganishda teng imkoniyatlarga ega bo‘layotgani Xalq demokratik partiyasining asosiy dasturiy maqsadlariga xizmat qiladi, dedi partiya yetakchisi.
Bayram tadbirida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizdagi barcha o‘qituvchi va murabbiylarni ezgu kasb bayrami bilan qutlab, minnatdorlik asnosida samimiy tilaklarini izhor qildi. Bir guruh ustoz-murabbiylar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shu kuni soha vakillariga O‘zbek davlat musiqali teatri ijodkorlari sahnalashtirgan “Jadidlar” musiqali drama spektakli namoyish etildi.