Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizning bugungi yig‘ilishida jamiyat hayotiga daxldor bo‘lgan bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Kun tartibida birinchi bo‘lib, Qonunchilik palatasi tomonidan Senatga yuborilgan va Yuqori palata tomonidan rad etilgan «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi qonun bo‘yicha kelishuv komissiyasini tuzish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qonunchilik palatasi Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosining ta’kidlashicha, Senatning tegishli qo‘mitasi xulosasida keltirilgan ayrim masalalar ko‘rib chiqilishi kerak va ba’zi masalalar bo‘yicha Quyi palata qo‘mitasida asosli javoblar bor.
Deputatlarimiz mazkur qonun bo‘yicha ikkala palataning kelishuv komissiyasini tuzishni bir ovozdan ma’qullashdi.
Yig‘ilishida shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Mazkur loyiha bilan shaxsni tasvirga olish va undan foydalanish uchun rozilik olish majburiy ekani belgilanmoqda. Bunda agar shaxs muomalaga layoqatsiz bo‘lsa, rozilik uning qonuniy vakili tomonidan, shuningdek, shaxs vafot etgan taqdirda, agar u hayotligi chog‘ida rozilik bermagan bo‘lsa, uning vorislari tomonidan beriladi. O‘n olti yoshga to‘lmaganlar nomidan rozilik ularning ota-onasidan biri yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan biri tomonidan berilishi nazarda tutilmoqda.
Bunda istisnolar ham bor. Masalan, noqonuniy xatti-harakatlarni tasvirga olib, uni ma’lum qilganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilmagan.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritishga qaratilgan loyiha birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Loyihada “Vatandosh” kartasi egalari va ularning oila a’zolari uchun migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Bunda ularni Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida ko‘rsatiladigan ayrim davlat xizmatlari uchun davlat bojidan ozod etish nazarda tutilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda vatandoshlarimizni tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, mamlakatimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shayotgan vatandoshlarimizni rag‘batlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Fraksiyamiz a’zolarining fikricha, mazkur qonun loyihasi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirishiga xizmat qiladi.
Yig‘ilish davomida kun tartibidagi har bir masalaga alohida yondashuv va fikr-mulohazalar bildirilib, fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.