Fraksiyamiz retsept bilan beriladigan dorilarni retseptsiz tarqatganlik uchun jazoni kuchaytirish tarafdori

 

Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizning navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Kun tartibida birinchi bo‘lib, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida»gi loyiha ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokamadan o‘tkazildi.

Bilamizki, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlarimizga yurtimizda imtiyozlardan foydalanish huquqini beruvchi «Vatandosh» kartasi joriy etilgan. Qonun bilan «Vatandosh» kartasi egaci va uning oila a’zolari amaldagi viza muddatini ko‘p martalik viza etib uzaytirganlik uchun davlat bojidan ozod qilinishi kabi yengilliklar berilishi nazarda tutilmoqda.

Fraksiyamiz a’zolari qonun loyihasining qabul qilinishi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolishga xizmat qilishini hisobga olib, loyihani qo‘llab-quvvatladi.

Yig‘ilishda bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlikni kuchaytirish haqidagi loyiha birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, retsept bilan beriladigan dorilarning noqonuniy aylanmasi 2024-yilda 2022-yilga nisbatan 3 baravarga o‘sgan.

Shu o‘rinda aytib o‘taylik, retsept bilan beriladigan dori vositalari o‘z xususiyatiga ko‘ra narkotik, psixotrop, kuchli ta’sir qiluvchi, inson organizmiga bevosita xavf tug‘diradigan yoki nojo‘ya ta’sir ko‘rsatadigan, ruhiy yoki jismoniy qaramlikni keltirib chiqaruvchi dori vositalariga bo‘linadi. 2021–2024-yillarda doridan zaharlangan shaxslar soni 18 087 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, shundan 177 holatda inson o‘limi bilan yakunlangan.

Loyiha bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga retsept bilan beriladigan dori vositalari noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan me’yorlar kiritilmoqda. Jumladan:

Endi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop) moddalar mavjud bo‘lmagan dori vositalarini retseptsiz tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha;

tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retseptsiz tarqatishga esa – yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha jarima belgilash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retseptsiz tarqatish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ko‘p miqdorda sodir etilsa jarima jazosini ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda belgilash taklif etilmoqda.

Deputatlar masalaning har bir jihatini sinchkovlik bilan muhokamadan o‘tkazishdi. Ma’muriy jazo choralarining miqdori yuqoriligiga ham e’tibor qaratishdi. Lekin uzoq davom etgan fikr-mulohazalardan so‘ng xalq vakillari inson organizmiga bevosita kuchli ta’sir qiladigan dori vositalarning retseptsiz tarqatilishi juda yomon oqibatlarga olib kelishini hisobga olib, ularning noqonuniy aylanishini cheklash kerak, degan xulosaga kelishdi.

Fraksiyamiz a’zolari qonun loyihasini konseptual jihatdan ma’qullashdi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish