Toshkent viloyat Kengashidagi deputatimiz M.Nizomiddinov Parkent tumani Nomdanak qishlog‘idagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabini hududiy investitsiya dasturiga kiritishni so‘rab Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sh.B.Burxonovga deputat so‘rovi yubordi.
Ma’lum qilinishicha, maktab 1929-yilda tashkil etilgan. 1988-yilda ayrim binolari buzilib, o‘rniga 624 o‘rinli yangi bino qurilgan va foydalanishga topshirilgan. Shu o‘tgan yillar davomida maktab faqat joriy ta’mirlab kelingan. So‘ngi marotaba 2006-yildagi qisman ta’mirdan keyin, bugunga qadar maktabda katta hajmda ta’mirlash ishlari olib borilmagan.
Bugungi kunda maktabda o‘quv binolarining tom qismi, eshik va deraza romlari ta’mirtalab holatda, ya’ni kuz-qish mavsumi uchun yaroqsiz. Binoning fasad qismi, isitish va yoritish tizimlari talabga javob bermaydi. Sinfxonalarda jihozlar eskirgan va yangi o‘quv binosiga ehtiyoj bor.
So‘rovga kelgan javob xatida mutasaddilar maktabning mavjud binolarini ta’mirlash va qo‘shimcha o‘quv binosini qurish ishlarini kelgusi yillar ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga taklif kiritilishini ma’lum qilgan.