Ta’lim tizimini rivojlantirish taraqqiyotni mustahkamlashga xizmat qiladi

 

Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizning navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda deputatlar «O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida uch davlatning davlat chegaralari tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Mazkur hujjat qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va chegaralardagi huquqiy aniqlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Xususan, fraksiya a’zosi U.Shermatov qonun loyihasining davlatlar o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishning muhim huquqiy asosi bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

Shartnomaning kuchga kirish uch davlat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarning jadallashuviga, chegaraoldi savdoning ortishiga, infrastruktura loyihalarini qurishga va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. Natijada chegaradosh hududlarda yashovchi aholining turmush farovonligi oshadi.

Deputatlar Markaziy Osiyoda integratsion jarayonlar tobora kuchayib borayotganiga urg‘u berib, bu shartnoma ham milliy, madaniy, tarixiy ildizlari tutash bo‘lgan xalqlarimizning yanada jipslashishiga va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Fraksiya a’zolari loyihani bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi.

Yig‘ilishda “Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida”gi loyiha muhokama qilindi.

Global konvensiyaning asosiy maqsadi milliy ta’lim tizimlarini xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlarni takomillashtirish, ularning jahon miqyosida raqobatbardoshligini oshirishdan iborat.

Bugungi kunda konvensiyani 32 davlat ratifikatsiya qilgan. Shu jumladan Markaziy Osiyo mintaqasidagi birorta davlat hali ham Global konvensiyaga qo‘shilmagan. MDH davlatlaridan faqat Armanistongina qo‘shilgan.

Deputat O.Iminovning fikriga ko‘ra, bu hujjat O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini xalqaro maydonda tan olinishiga, diplomlarimizning nufuzini oshirishga hamda yoshlarga xorijda o‘qish va ishlash imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.

Fraksiya a’zolari har bir qonun loyihalari bo‘yicha o‘zlarining taklif va tavsiyalarini bildirishdi. Zero, bildirilgan har bir tashabbus ortida mamlakat manfaati, xalqimiz farovonligi mujassamdir.

Muhokamalar yakunida kun tartibida ko‘rilgan loyihalar bo‘yicha fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish