Xalqaro hamjamiyatda O‘zbekistonning ahamiyati tobora ortib bormoqda. YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining yurtimizda, aynan Samarqand shahrida o‘tkazilishi juda katta ijtimoiy-siyosiy voqeadir. Dunyoda notinchliklar ortib borayotgan, bir-birini tushunish qiyinlashayotgan murakkab davrda xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik rishtalarini yana-da mustahkamlash bugun har doimgidan ham muhim.
Sessiya ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston YUNESKOning olijanob va ezgu maqsadlariga qatʼiy sodiq ekanini, Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida uyg‘unlik ko‘prigi, barcha uchun ochiq va konstruktiv hamkorlik maydoni bo‘lishga hamisha tayyor ekanini yana bir bor taʼkidladi. Shubhasiz, bu ko‘p millionli yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi fikr, hamkorlik va bag‘rikenglik xalqimizning hayotiy maslagidir.
Qayd etilganidek, davlatlar o‘rtasida bilim va texnologiyalar, raqamli resurslardan foydalanish bo‘yicha tafovut ortib bormoqda. Buning natijasida imkoniyatlar tengsizligi va qashshoqlik kuchaymoqda. Darhaqiqat, jamiyatda kambag‘allik darajasining mavjudligi yoki ortib borishi avvalo taʼlim va uning sifat darajasi pastligi, ijtimoiy himoya tizimining sustligi bilan ifodalanadi. Shu sababli ham dunyoda, davlatchilikda huquqlar va imkoniyatlar tengligini taʼminlash, yetarli sharoit yaratish dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.
YUNESKOning asosiy vazifalarini to‘liq amalga oshirish bo‘yicha saʼy-harakatlarni har qachongidan ham ko‘proq birlashtirish zarur. Bu borada xalqaro zaruriyat yuzaga kelgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha muhim taklif-tashabbuslarni ilgari surgan holda, ularning ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi. Taʼkidlanganidek, inklyuziv taʼlimni rivojlantirish va sohada sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanmoqda.
Ilm olish, yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishda zamonaviy texnologiyalarning ahamiyati kundan-kun ortib boryapti. Lekin ilg‘or texnologiyalarga, sunʼiy intellekt yordamiga barcha bolalar ham birdek yaqin emas. Ularning tug‘ilib o‘sayotgan muhiti, oilaviy sharoiti, taʼlim imkoniyatlari har xil. Shuning uchun taʼlimda tenglikka erishish, amaliy chora-tadbirlarni ko‘rish butun dunyoda muhim vazifa bo‘lib qoldi.
Jismoniy va ijtimoiy xususiyatlaridan qatʼi nazar, har bir bolaga taʼlim olishi uchun teng imkoniyatlarni yaratib berish juda muhim. Bu borada YUNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv taʼlimni rivojlantirish platformasini joriy etish taklif etildi.
Mazkur taklifning ijtimoiy ahamiyati katta. Bolalar o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabablar tufayli taʼlimdan, dunyoni bilib, unda munosib o‘rin egallash imkoniyatidan mahrum bo‘lishi kerak emas. Inklyuziv taʼlim mana shunday imkoniyatni har bir bolaga taqdim etish uchun muhim. Yurtimizda keyingi yillarda inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, taʼlim muassasalarida nogironligi bo‘lgan bolalar bilim olishi uchun sharoit yaratib berish, barcha bolalarning bir xil muhitda taʼlim-tarbiya olishiga erishish bo‘yicha katta o‘zgarishlar kuzatilyapti. Albatta, bu borada hali oldinda vazifalar ko‘p va ular bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak.
Nutqda dunyoda dolzarb bo‘lib turgan yana bir masala bo‘yicha taklif bildirildi. Bu – taʼlim sohasida o‘zaro bilim va tajriba almashish uchun xalqaro muloqot formatini yaratish maqsadida Jahon professional taʼlim sammitini o‘tkazish taklifi bo‘ldi. Professional taʼlim yoshlarning o‘zligini anglashida, hayotda munosib o‘rin topishida, oilasini qo‘llab-quvvatlab, jamiyatga qo‘shilib ketishida katta ahamiyatga ega.
Ayniqsa, turli omillar sababli yoshlarning doimiy bandligi, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda bevosita ishtirok etishi masalasi faol kun tartibiga chiqmoqda. Ayrim anʼanaviy kasblar o‘rnini zamonaviy ko‘nikmalar egallamoqda. Bunday vaziyatda jismoniy, ijtimoiy-iqtisodiy holatidan qatʼiy nazar, barcha yoshlar professional taʼlim imkoniyatidan chetdan qolmasligi zarur. Shu asoslarga ko‘ra, O‘zbekiston taklifi xalqaro hamjamiyati tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishiga shubha yo‘q, deb o‘ylaymiz.
Xalq demokratik partiyasi taʼlimni kengaytirish, kambag‘allikni qisqartirish, har bir fuqaroga teng huquq va imkoniyatlar yaratib berish kabi umumbashariy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, bu borada o‘z dasturida belgilangan maqsad-vazifalarga erishish yo‘lida astoydil harakat qiladi.
Ulug‘bek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi rahbari.