Keyingi yillarda poytaxtimiz infratuzilmasini yaxshilash, ravon va xavfsiz yo‘llarni barpo etish, zamonaviy transport tizimini yaratish borasida muhim ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahrida avtomobillar uchun to‘xtash joylari bugungi kunda nafaqat qulaylik, balki hayotiy zaruratga aylangan. Poytaxt hokimligining tegishli qarori bilan 14 mingga yaqin pulli avtomobil to‘xtash joylari tashkil etilishi belgilangan hamda ushbu ishlar qisqa vaqt ichida jadal amalga oshirilgani e’tirofga loyiq.
Biroq har qanday qarorning ijtimoiy oqibati va fuqarolar turmushiga ta’siri chuqur tahlil qilinmog‘i lozim.
Poytaxtimiz ko‘chalarida avtomobil qo‘yish joylaridan foydalanish haqi soatiga 12 ming so‘mdan boshlab belgilangani, tushayotgan mablag‘lar bo‘yicha ochiqlik va hisobdorlik yetishmayotgani jamoatchilik orasida turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Albatta, barchamiz zamonaviy, tartibli va qulay transport tizimi bo‘lishidan manfaatdormiz. Biroq, bunday tizim aholining daromadlari va imkoniyatlariga mos bo‘lishi, hayotiy zarur ehtiyojlari hisobga olinishi lozim.
Masalan, poytaxt markazi va unga yaqin hududlarda ishlayotgan yurtdoshlarimiz ish vaqti davomiyligi bo‘yicha avtomobillarini 8 soat atrofida pulli to‘xtash joylarida qoldirishiga to‘g‘ri kelmoqda. Demak, kunlik to‘lov 100 ming so‘m atrofida bo‘lib, oylik to‘lov mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan ham ortib ketmoqda. Bu esa fuqarolarning o‘rtacha daromadlariga qanchalik to‘g‘ri kelayotgani jiddiy masalaga aylanmoqda.
Pulli to‘xtash joylari bizga har tomonlama yaqin bo‘lgan qo‘shni davlatlarda ham tashkil etilgan. Ularda to‘xtab turish narxi bir necha barobar arzon. Demak, bizdagi tarif miqdori iqtisodiy mantiq va ijtimoiy adolat mezonlaridan ancha uzoqligi ko‘rinmoqda.
Xalq demokratik partiyasi poytaxtimizdagi pulli to‘xtash joylari bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida quyidagilarni ma’lum qiladi:
Birinchidan, ommaviy foydalanishdagi xizmat uchun har qanday tarif yoki yig‘im miqdorini belgilashda aholining real daromadlari, ijtimoiy himoya darajasi va hayotiy ehtiyojlari inobatga olinishi zarur;
Ikkinchidan, belgilangan tariflar iqtisodiy asoslanishi, qayta ko‘rib chiqilishi, mablag‘lar qayerga tushayotgani, ularning qanday sarflanishi haqida ma’lumotlar keng jamoatchilikka ochiqlanishi kerak;
Uchinchidan, ijtimoiy obyektlar, xususan, davlat tibbiy muassasalari, davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan markazlar va “Inson” markazlari, shuningdek kutubxonalar oldidagi pulli to‘xtash joylaridan ma’lum vaqt davomida bepul foydalanish imkoniyatini yaratishni nazarda tutish lozim;
To‘rtinchidan, savdo korxonalari, xizmat ko‘rsatish, tibbiyot, sport va madaniy-ko‘ngilochar muassasalar hududidagi to‘xtash joylarining kamida 5 foizi imtiyozga ega shaxslar uchun bepul ajratilishi qat’iy ta’minlanishi kerak hamda mazkur me’yorni oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq;
Beshinchidan, qator pulli to‘xtash joylari “qatnov qismida to‘xtash taqiqlanadi” belgisi o‘rnatilgan yo‘l qismlarida tashkil etilayotgani “pul to‘lansa – mumkin”, degan xulosani bermoqda. Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra to‘xtash taqiqlangan joyda to‘lovdan keyin to‘xtash mumkin bo‘layotgani tenglik tamoyillariga ziddir.
Poytaxtimizda zamonaviy va qulay transport tizimini rivojlantirish muhim. Ammo u, avvalo, inson manfaatlariga xizmat qilishi, ijtimoiy adolat va qulaylik tamoyillariga asoslanishi zarur.