Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar dastlab, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yil to‘qqiz oyidagi ijrosi haqidagi hisobotni muhokama qildi.
Budjet hisobotida aytilishicha, 2025-yilning 9 oyida yalpi ichki mahsulot (YAIM) 7,6 foizga o‘sib, uning hajmi 1 304 trln so‘mni tashkil etgan. Inflatsiya darajasi yil boshiga nisbatan 5,1 foizni (2024-yilda – 6,8 %), yillik inflatsiya esa 8 foizni (2024-yilda – 10,5%) tashkil qilgan. Aholi jon boshiga YAIM hajmi 34,5 mln so‘mga yetib (2 702 AQSH doll), o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,6 foizga oshgan.
2025-yilning to‘qqiz oyida ijtimoiy xarajatlar uchun Davlat budjetidan 125,5 trln so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,6 trln so‘mga ko‘p mablag‘ ajratilgan. Mazkur xarajatlar odamlarning hayot sifatini oshirish, ijtimoiy adolatni ta’minlash va barqaror rivojlanish tamoyillarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fraksiya a’zolari Hisobotda partiya dasturiy maqsadlarida ustuvor deb qaraladigan sohalarga ajratilgan mablag‘larga ham alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, bolalar nafaqasi, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari uchun 9 936,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
Respublika bo‘ylab 4,5 million nafar fuqaro daromadli mehnat bilan band bo‘lgan, ishsiz va daromadini oshirish istagida bo‘lgan 185 ming nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan.
Hisobotni muhokama qilish jarayonida ayrim masalalarda deputatlar mas’ullarga savollar berishdi, qat’iy pozitsiyalarini bildirishdi.
Deputatimiz Odiljon Iminov mamlakatimizda professional ta’limni rivojlantirish borasida katta ishlar qilinayotgan bir paytda bu yo‘nalishga ajratilgan mablag‘ oliy ta’limga ajratilgan mablag‘dan ikki barobar kam ekanini ta’kidladi.
Vazirlik mas’uli o‘z izohida birinchi navbatda oliy ta’limda kadr tayyorlash professional ta’limda kadr tayyorlashga nisbatan ancha qimmatligini, hozirgi kunda professional ta’lim sohasi to‘liq transformatsiya qilinayotgani va 2026-yildan boshlab bu yo‘nalishga xarajatlar sezilarli darajada oshirib borilishini bildirdi.
Fraksiyamiz a’zosi Shokirjon Ahmedov subsidiyalar masalasiga to‘xtalib, davlat deyarli har bir sohaga subsidiya ajratayotgani, lekin ajratilgan subsidiyalar natijasida yaratilgan ish o‘rinlari yoki budjetga qancha tushum bo‘layotgani haqidagi tahliliy ma’lumotlar yetishmayotganini ta’kidladi. Deputat mas’ullardan o‘tgan yillarga nisbatan taqqoslash va samaradorlik haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishni so‘radi.
Deputatimizning savoliga vazirlik tomonidan subsidiyalarning turi ko‘p ekanligi, lekin hozirda barcha subsidiyalar bitta platformaga birlashtirilayotgani, shundan keyin natijalar va samaradorlikni baholash oson bo‘lishi bildirilib, joriy yil bo‘yicha natijalar fraksiyaga taqdim qilinishi qayd etildi.
Fraksiyaning yana bir a’zosi Anvarxon Temirov Davlat budjeti ijrosi haqidagi hisobot parlamentga ancha kechikib kiritilgani, oqibatda berilayotgan savollar, fikr va takliflar dolzarbligini yo‘qotib borayotganini tushuntirdi. Iqtisodiyot va moliya vazirining mutasaddi o‘rinbosari ma’lum sabablarga ko‘ra bu yilgi hisobot kechikkani, keyingi hisobotlarda albatta muddatlarga amal qilinishini bildirdi. Shularga asosan Hukumat hisoboti ma’qullandi.
Yig‘ilishda «Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi belgilanishi hamda bir martalik plastik mahsulotlarni olib kirish va sotish tartibga solinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
XDP fraksiyasi a’zolari mazkur qonun loyihasining maqsadi qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlagan holda, uni amalga oshirish mexanizmlari, aholi va tadbirkorlar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar yetarlicha aniq va asosli belgilanmaganiga e’tibor qaratdi. Ayniqsa, bir martalik plastik mahsulotlarga cheklovlar joriy etishda aholining kam daromadli qatlamlari manfaatlari inobatga olinishi zarurligi ta’kidlandi.
«Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Deputatlar dori-darmon narxlarining balandligi, importga yuqori darajada qaramlik hamda mahalliy farmatsevtika mahsulotlari sifatini nazorat qilish masalalari hali ham dolzarbligicha qolayotganini qayd etishdi. Qonun loyihasi dori vositalarining haqiqatan ham arzonlashuviga yoki ularning sifati oshishiga qay darajada xizmat qilishi yuzasidan qo‘shimcha asoslar so‘raldi.
Majlisda ayrim qonun loyihalari bo‘yicha hujjatlar sifatsiz tayyorlangani, ba’zi loyihalar bo‘yicha belgilangan tartiblarga amal qilinmaganligi ta’kidlanib, mas’ullarga e’tirozlar ham bildirildi.
Fraksiyamiz qonun loyihalari yuzasidan yakdil qarorlar qabul qildi.