Birdamlik – qudratli va bunyodkor kuch
Birdamlik – qudratli va bunyodkor kuch

 

Bag‘rikeng xalqimizni, davlat va jamiyatimizni yanada jipslashtiradigan, mamlakatimizda hamjihatlikni oshiradigan bayramlar, quvonchli voqealar, tarixiy sanalar ko‘p. Davlat rahbarining parlamentga va xalqimizga Murojaatnoma yo‘llashi shunday muhim voqealardan biriga aylandi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu yilgi Murojaatnomada so‘nggi to‘qqiz yilda erishilgan yutuq va natijalar aniq raqamlar asosida tahlil qilindi, davlat va jamiyat oldida turgan dolzarb vazifalar ko‘rsatib berildi, ezgu niyatlar bilan yuksak marralar belgilandi.

Murojaatnomaning eng asosiy jihatlaridan yana biri shunda bo‘ldiki, unda ilgari surilgan taklif-tashabbuslar, bildirilgan fikrlar ko‘p millatli xalqimizning ijtimoiy kayfiyatini ko‘tardi. Ishonchni yanada mustahkamladi. Ayniqsa, Yangi yil yaqinlashib kelayotgan ayni kunlarda barchamizga bayramona ko‘tarinkilik baxsh etdi.

Qaysi bir sohani olmaylik, yildan-yilga katta o‘zgarish va yangilanishlar bo‘layotganini ko‘ramiz. Birgina ijtimoiy himoya va ijtimoiy xizmatlar sohasini olsak, keyingi yillarda bu yo‘nalishda butunlay yangi tizim yaratildi. Albatta, ko‘lami keng, vazifasi murakkab ijtimoiy himoya sohasini barqaror yo‘lga solib olish osonlik bilan bo‘layotgani yo‘q. Insonni himoyalash, unga xizmat qilishdek ezgu maqsad natijasida hozir yurtimizning barcha hududlarida 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar tezkor ko‘rsatilmoqda. Buning samarasi har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotida yaqqol ko‘rinmoqda.

Davlat rahbari alohida qayd etgan, “biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni o‘rgandik”, degan fikr zamirida chuqur ma’no mujassam.

Darhaqiqat, jahon miqyosida ishlab chiqarish, transport-logistika, xomashyo va moliyaviy resurslar bilan bog‘liq muammolar chuqurlashib borayotgan murakkab sharoitda ham mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror o‘sishda davom etmoqda. Jahon hamjamiyati va nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilayotgani uchun ham natijalarning ahamiyati ortib bormoqda.

Iqtisodiyotni rivojlantirishdan, ishbilarmonlikka qulay muhit yaratishdan, investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan ko‘zlangan eng asosiy maqsad, pirovardida, xalqimizning turmush farovonligini oshirish, odamlarni rozi qilishdir. Shu ma’noda iqtisodiyotda erishilgan natijalar ijtimoiy hayotda bevosita aks etmoqda, millionlab oilalardagi muhitni o‘zgartirmoqda.

Ta’kidlandiki, joriy yilda 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi.

Bu raqamlar oddiy raqamlar emas, ularning ortida qanchadan-qancha mashaqqatli mehnat, shijoat va matonat bor. Bu raqamlar ortida qanchadan-qancha quvonch, yana qanchadan-qancha ishonch bor.

Aslida bitta oilaning kambag‘allikdan chiqishi davlat va jamiyat uchun muhim hodisa. Bu bitta oilaning ro‘zg‘ori barqaror bo‘ldi, bolalari ta’lim-tarbiyasi, qo‘yingki, kelajagi izga tushib oldi, degani.

Yurtimizda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushgani qayd etildi. Har bir insonning barqaror faoliyat va daromad manbaiga ega bo‘lishi mamlakat barqarorligi uchun ham muhim. Kambag‘allikni qisqartirish shu ma’noda natijasi uzoq yillarga xizmat qiladigan, kam daromadli oilalarning hayoti va tasavvurini butunlay o‘zgartirib yuboradigan keng ko‘lamli siyosatdir.

Kambag‘allikni qisqartirish va mahallani rivojlantirish tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekani haqida uzoq fikr yuritish mumkin. Mahalla rivojlanishi u yerda kambag‘allik qisqarishini ham anglatadi.

To‘g‘ri ta’kidlanganidek, yurtdoshlarimizning deyarli barchasi o‘zini mahalla jamoasining bir qismi, deb hisoblaydi. Ushbu institut, albatta, ijtimoiy birdamlik manbaiga aylandi. Ayniqsa, keyingi yillardagi islohotlar va loyihalar natijasida mahallaparvarlik hissi tobora yuksaldi. Mahallaparvarlik vatanparvarlikning amaliy ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.

Mana shu asoslarning barchasini hisobga olib, davlatimiz rahbari 2026-yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilishni taklif etganida zaldagilar hamjihat, hamfikr bo‘lib qo‘llab-quvvatladi. Aminmanki, keyingi yilga yaxshi niyat bilan bunday ulug‘ nom berilishi xalqimizning ko‘nglidagi istakning ifodasi bo‘ldi.

Kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etilishi bildirildi. Jumladan, har bir viloyatda 2-3 tadan tumanni tanlab, hamma mahallasidagi barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qiladigan tizim yaratiladi. Bu bir necha yil davomida amalga oshirilgan “Obod mahalla” dasturi bir necha barobar kengayishini anglatadi. Endilikda mahalla obodligidan tuman obodligiga o‘tilishi mahallamizning bir vakili sifatida hammamizni quvontiradi.

Murojaatnomada kelgusi yil uchun dasturning yana bir ustuvor yo‘nalishi kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish bo‘lishi kerakligi tushuntirildi.

Dunyo kundan-kunga rivojlanib, iqtisodiyotning tarkibi, odamlarning o‘rni va ahamiyati o‘zgarib boryapti. Bunday vaziyatda barqarorlikni saqlash va yuksalish uchun yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish muhim vazifaga aylandi. Tahlillar yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtirilishi, 50 foizi bo‘yicha esa yangi malakalar talab qilinishini ko‘rsatmoqda. Bu raqamlar – zamonaviy iqtisodiyotning jiddiy chaqirig‘i.

Shu ma’noda mamlakatimiz mehnat bozori – kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarurligi haqidagi fikr strategik ahamiyatga egadir. Ayniqsa, mamlakatimiz mehnat bozoriga yiliga 300 ming nafar oliy ma’lumotli kadrlar kirib kelayotgani mas’uliyatni yanada oshiradi.

Murojaatnomada ijtimoiy, iqtisodiy yo‘nalishlar bilan birga, siyosiy-demokratik yo‘nalishdagi konseptual islohotlarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida bir-biridan ajratilgan hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlari 2026-yildan 208 ta tuman va shaharda ham yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi. Demokratik nuqtai-nazardan bu juda xarakterli qadamga aylanadi. Chunki, davlat hokimiyati organlarining bir-birini tiyib turish tamoyili ishlashi va xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladigan natijalar berishi mana shu islohot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib turibdi.

Ayni paytda deputat so‘rovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinishi, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha choralar ko‘rilishi saylovchilar, partiyamiz elektorati murojaatlariga e’tibor va mas’uliyat kuchayishiga asos bo‘ladi. Hududlarda ham demokratik muvozanat yo‘lida muhim siljish kuzatiladi.

Yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirish asosiy maqsad ekani uqtirildi. Xalqimiz, deputatlar, davlat idoralari mas’ullari, fuqarolik jamiyati institutlari ezgulik yo‘lida hamjihat, taraqqiyot yo‘lida talabchan bo‘lib harakat qilsak, albatta, bu marraga yetamiz.

Murojaatnomaning butun mazmun-mohiyati, yo‘nalish va vazifalari Xalq demokratik partiyasining ijtimoiy barqarorlik, hamjihatlik va birdamlik, huquqlar va imkoniyatlar tengligi, himoya va qo‘llab-quvvatlash g‘oyalariga har tomonlama hamohang ekanini ham ta’kidlash joiz.

Shuning uchun partiyamiz faollari, deputatlik birlashmalari bilan Murojaatnomada belgilangan rejalarni amalga oshirishga doir har bir dastur va me’yoriy hujjat, har bir vazifaning bajarilishi bo‘yicha ta’sirchan jamoatchilik va deputatlik nazoratini o‘rnatamiz. Kelgusi yil uchun Harakat dasturlarimiz, ijtimoiy-siyosiy rejalarimizda bu masalani kun tartibidan tushirmaymiz.

Barcha sohadagi natijalarimiz 38 milliondan ziyod katta xalqimizga mos bo‘lishi uchun munosib hissamizni qo‘shamiz.

 

Ulug‘bek Inoyatov,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari.

 

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish