O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi jamiyat hayotidagi har bir ijtimoiy masalaga jiddiy e’tibor qaratgani singari maktablardagi ichimlik suvi ta’minoti va sanitariya-gigiyenik holatni yaxshilash bo‘yicha aniq pozitsiyaga ega.
Ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston 2030” strategiyasida shu masalada aniq ko‘rsatkichlarga erishish belgilangani partiyaning dasturiy maqsadlariga har tomonlama mos keladi. Ta’lim tashkilotlarida farzandlarimiz qanday sharoitda ta’lim-tarbiya olayotgani aholining barcha toifasi uchun katta ahamiyatga egadir.
Partiyaning xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashidagi deputatlari yil boshidan beri Qo‘qon shahri, Beshariq, Bag‘dod, Buvayda, Dang‘ara, Rishton, O‘zbekiston hamda Furqat tumanlaridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ichimlik suvi ta’minoti va sanitariya-gigiyena infratuzilmasi holati hamda suv manbalari, ularning ishlash barqarorligini o‘rgandi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, jamoatchilik faollari, mas’ul idoralar vakillari, mutasaddi tashkilotlar ishtirokida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda viloyatda 955 ta umumta’lim maktablari mavjud bo‘lib, shundan 852 tasi loyiha asosida, 103 tasi moslashtirilgan bino-inshootda faoliyat olib boradi. Mavjud 955 ta muassasalarning 280 tasi markaziy va 675 tasi mahalliy oqava suv tarmoqlariga ulangan.
Yig‘ilishda o‘rganishlar davomida aniqlangan ayrim ta’lim muassasalarida ichimlik suvi ta’minotidagi nosozlik va uzilishlar tanqidiy muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Farg‘ona viloyat boshqarmasi tomonidan 2025 yil davomida o‘tkazilgan tekshirishlar davomida aniqlangan qonun buzilishlari bo‘yicha 905 ta mas’ullarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanib, 34 marta maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlariga taqdimnomalar kiritilgan.
Jamoatchilik eshituvida tizimdagi muammoli masalalar manzili bo‘yicha alohida-alohida muhokama qilinib, mutaxassislar va deputatlar tomonidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bolalarning salomatligi va gigiyenik nuqtai nazardan xavfsizligini o‘ylab, maktab binolari ichida o‘quvchilar uchun doimiy toza ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimini tashkil etish, xususan, suv kullerlarini o‘rnatish zarur, deb hisoblaydi. Bunda maktab binolarining belgilangan joylariga (qavatlar, koridorlar yoki oshxona yaqiniga) ichimlik suvi kullerlarini o‘rnatish o‘quvchilarning sog‘lig‘ini saqlash, ta’lim sifatini oshirish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda maktablardagi toza ichimlik suvi ta’minoti va sanitariya-gigiyena infratuzilmasini tashkil etishga mas’ul tashkilotlar rahbarlarining axborotlari tinglandi. Xalq deputatlari Mahalliy Kengashlardagi Xalq demokratik partiyasi deputatlari mutasaddilarga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikda ishlashni taklif qildi. Maktablarda bolalarga, ayniqsa, qish kunlarida qulay sharoit yaratish uchun qat’iy choralar ko‘rish zarurligi qayd etildi.