Qonunlar ijtimoiy samaradorlikka xizmat qilishi zarur

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi muxolifat fraksiyasi qonun loyihalarini huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, aholining kam daromadli qismi manfaatlarini himoya qilish hamda davlat boshqaruvida shaffoflikni oshirish nuqtai nazaridan tahlil qilib bormoqda.

Fraksiyaning bugungi yig‘ilishida «Raqamli markirovkalash tizimining samaradorligi oshirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi QL–169-sonli qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Xususan, deputat F.Sharipov soliq ma’muriyatchiligi va raqamli markirovkalash masalalari yuzasidan o‘z fikrini bildirib, soliq yukining adolatli taqsimlanishi qo‘shimcha xarajatlar keltirib chiqarmasligi hamda raqamli nazorat mexanizmlari inson omili ta’sirini kamaytirishi lozimligini ta’kidladi.

«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi yuzasidan deputatlar o‘zlarining prinsipial pozitsiyalarini bildirdi.

Masalan, deputat O.Iminov qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar yuzasidan o‘z fikrini bayon etib, mahalliy Kengashlarning vakolatlari va nazorat funksiyalarini kuchaytirish, aholining qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish tarafdori ekanini bildirdi. Shuningdek, hokimiyat vakolatlarining markazlashuvi kuchayib ketmasligi, aksincha, joylarda ijtimoiy muammolarni hal etishda deputatlar roli oshirilishi lozimligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi muxolifat fraksiyasi sifatida qonun ijodkorligi jarayonida ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat ustuvor bo‘lishi shart, deb hisoblaydi. Har bir qabul qilinayotgan qonun avvalo inson manfaatlariga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlari cheklanib qolmasligiga xizmat qilishi kerakligi bo‘yicha o‘z pozitsiyasida qoladi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish