Ko‘chalarga panjara o‘rnatilishi masalasida Toshkent shahar hokimiga deputatlik so‘rovi yuborildi
Ko‘chalarga panjara o‘rnatilishi masalasida Toshkent shahar hokimiga deputatlik so‘rovi yuborildi

 

Keyingi yillarda poytaxtimizda bo‘layotgan bunyodkorlik va yangilanishlar xalqimiz, turli davlatlardan kelgan mehmonlar tomonidan e’tirof etilmoqda.

Lekin Toshkent shahrida avtomobil yo‘llarida ro‘y berayotgan ayrim o‘zgarishlar aholi vakillari, mutaxassis va ekspertlarning turli fikr-mulohazalari, e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda.

Xususan, Toshkent shahar hokimining 2025-yil 20-maydagi 367-14-0-Q/25-son, shuningdek, 2025-yil 21-iyuldagi 530-14-0-Q/25-son qarorlariga muvofiq, Toshkent shahrida ko‘cha va yo‘llar bo‘ylab temir panjaralarni o‘rnatish uchun jami 8,4 mlrd mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgani, shu asosda amalga oshirilayotgan ishlar alohida muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Eski amaliyotga qaytilib, poytaxt ko‘chalarida yangi panjaralar o‘rnatilgani, keyin olib tashlangani keng jamoatchilikda, jumladan, Xalq demokratik partiyasi elektorati orasida haqli e’tirozlar, qator muhim savollarni keltirib chiqardi.

Yuqoridagilarga asosan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga deputatlik so‘rovi yubordi.

Unda jamoatchilik va partiya elektoratini bezovta qilayotgan savollar ko‘tarilgan:

  1. Toshkent shahri ko‘cha va yo‘llarida yo‘nalishlarni ajratuvchi temir panjaralar o‘rnatilishi harakat xavfsizligini ta’minlashga, piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qilishi qanday asoslangan?
  2. Temir panjaralar va boshqa to‘siqlar o‘rnatish masalasida ekspertlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganmi, ularning fikrlari olinganmi? Bu borada ilmiy asoslangan va tahliliy ma’lumotlar mavjudmi?
  3. Nima sababdan yana boshqatdan ko‘plab davlat mablag‘lari sarflanib, piyodalar va yo‘lovchilarga xavf tug‘dirishi tan olingan amaliyotga – yo‘nalishlarni ajratuvchi temir panjaralarni o‘rnatishga qaytilmoqda?
  4. Aholi zich joylashgan va ko‘p harakatlanadigan ko‘chalarda piyodalar oson va tez kesib o‘tishini ta’minlash, piyodalar o‘tish joylarini tashkil etish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
  5. Hozir o‘rnatilayotgan panjara to‘siqlar qaysi normativ-huquqiy asos va standartlar bo‘yicha loyihalangan va amalga oshirilmoqda? Bu kabi temir panjaralarni o‘rnatish yo‘llarda piyodalar va yo‘lovchilar xavfsizligini kafolatlaydimi?

Deputatlik so‘rovida “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunning 15-moddasiga muvofiq, yuzaga kelgan savollarga javob bergan holda, ushbu dolzarb ijtimoiy masala bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarni bayon etish so‘ralgan.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish