Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash, ayniqsa, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Shu maqsadda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan “Ayollar manfaati — davlat siyosati markazida” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Ochiq muloqot shaklida oʻtgan tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bandligini taʼminlash va huquqiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan davlat siyosati natijalari atroflicha tahlil qilindi.
Mutaxassislar va deputatlar tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlar doirasida erishilayotgan amaliy natijalar, joylarda uchrayotgan muammolar hamda ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi xotin-qizlar manfaatini himoya qilish nafaqat ijtimoiy masala, balki adolatli jamiyat barpo etishning muhim tamoyillaridan, deb biladi. Partiya aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, ayollarning munosib mehnat sharoitlari, barqaror daromad manbalari va kafolatlangan ijtimoiy himoya tizimiga ega boʻlishini davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri, deb hisoblaydi.
Muloqot davomida ishtirokchilar tomonidan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni yanada kengaytirish, hududlarda amaliy ishlarni kuchaytirish, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish hamda davlat va jamoat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.