Ishtixon tuman Kengashi deputatlari N.Kiyamov hamda M.Raximovlar tomonidan tuman markazida joylashgan G‘afur G‘ulom mahallasida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish jarayonida aholi tomonidan ko‘tarilgan asosiy masalalardan biri Kattaqo‘rg‘on ko‘chasidagi yo‘lning qoniqarsiz holati bo‘ldi. Mahalla aholisining ta’kidlashicha yo‘l ta’mirtalab, ayniqsa, yomg‘irli kunlarda katta ko‘lmaklar hosil bo‘lib, piyodalar hamda transport vositalari harakatiga jiddiy noqulayliklar tug‘dirmoqda.
Deputatlar ushbu muammoni joyida o‘rganib, aholi bilan fikr almashdi. Yo‘lning bunday holati nafaqat harakat xavfsizligiga, balki hududdagi fuqarolarning kundalik turmushiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida tegishli mas’ul tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborilishi hamda yo‘lni ta’mirlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi belgilandi.
Deputatlar tomonidan mahalla aholisi bilan bunday uchrashuvlar o‘tkazilishi hududdagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni hal etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rish hamda fuqarolarning taklif va murojaatlarini tinglashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.