Xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashidagi deputatimiz Donoxon Mahmudova tomonidan aholi murojaatlari asosida olib borilayotgan tizimli ishlar amaliy natija bermoqda.
Jumladan, Chilonzor tumani Baynalminal ko‘chasida zamonaviy avtobus bekatini o‘rnatish bo‘yicha fuqarolar murojaatlari deputat tomonidan o‘rganilib, nazoratga olindi.
Mazkur masala yuzasidan deputat D.Mahmudova tomonidan tuman hokimining Qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari nomiga deputat so‘rovi yuborildi.
Deputat so‘rovi asosida mutasaddi idoralar tomonidan muammo qisqa muddatda ko‘rib chiqilib, amaliy choralar ko‘rildi. Tuman hokimining ko‘rsatmasiga muvofiq Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan manzilda yangi avtobus bekati o‘rnatildi.
Natijada hudud aholisi uchun jamoat transportidan foydalanish yanada qulaylashdi, yo‘lovchilar uchun zarur sharoitlar yaratildi. Aholi murojaatlarini hal etish, ularning turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.