Andijonda bitiruvchilar ishga joylasha olyaptimi?

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakat ijtimoiy hayotiga daxldor har bir masalaga alohida e’tibor qaratadi. Bunda aholi bandligi, ijtimoiy xizmatlar, kam ta’minlangan, nogironligi bor va ehtiyojmand insonlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar doimiy ravishda partiya tomonidan o‘rganilib, mavjud imkoniyat va kamchiliklar mas’ullar va soha ekspertlari ishtirokida tahlil qilib boriladi.

Jumladan, Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlik guruhi tomonidan mutaxassislikka ega bo‘lgan oliy ma’lumotli yoshlarning ish bilan ta’minlanishi, mehnat bozori talablariga mos kasblarga yo‘naltirilishi va ular uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, partiya guruhi yig‘ilishida muhokama qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda davlat oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilgan. Raqamlar bitiruvchilarning bandlik darajasida barqaror o‘sish tendensiyasini ko‘rsatmoqda. Bunda davlat oliy ta’lim muassasalarining 80 foizdan ortiq bitiruvchilari bandligi ta’minlangan.

Viloyatda 2024-2025 o‘quv yilida oliy ta’limni tugatgan yoshlarning bandligi tahlil qilindi. Masalan, Andijon davlat tibbiyot institutini jami 2012 nafar bitiruvchi tugatgan bo‘lsa, undan 1825 nafari, ya’ni 91 foizi, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutini tugatgan 1478 nafar bitiruvchidan 1242 nafari, ya’ni 84 foizi, Andijon davlat chet tillar institutining 808 nafar bitiruvchisidan 720 nafari, ya’ni 89 foizi doimiy yashash joyi bo‘yicha ish bilan ta’minlangan.

Bugungi kunda viloyatda bitiruvchilarni ishga joylashtirishda davlat sektori ustuvorlik qilsa-da, xususiy sektor va o‘z-o‘zini band qilish ulushi ham ortib bormoqda. Lekin, shu bilan birga, norasmiy bandlik darajasi taxminan 15 foizni tashkil etmoqda. Bunga asosiy sabab kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik, rasmiy ish o‘rinlarining cheklanganligi, shuningdek, mehnat shartnomalarining rasmiylashtirilmasligi holatlari ko‘rsatilgan.

Viloyatda bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash uchun OTMlar huzuridagi Karyera markazlari va bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari doimiy tashkil etib kelinmoqda. Xususan, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida 8 marta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilib, ularda 1120 nafar bitiruvchi ishtirok etgan, natijada yoshlarning 764 nafari, ya’ni 68 foizi ishga joylashish imkoniga ega bo‘lgan.

Tahlillarga ko‘ra, yoshlar bandligiga to‘sqinlik qiluvchi omillar ham institutsional, ham ijtimoiy xarakterda bo‘lib, ular kadrlar sifati va mehnat bozori shaffofligi bilan bog‘liq. Bitiruvchilarning 43 foizida ish tajribasi yetishmasligi asosiy muammo sifatida ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar olishda shaffoflikning yo‘qligi, yagona portalning mavjud emasligi va ish beruvchilarning tashabbussizligi ham asosiy omillardan biri, deb qaralmoqda.

Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalaridagi talabalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash yo‘lida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Shu bilan birga, muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda mas’ullar bilan hamkorlikda harakat qilinsa, malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlash borasida yanada kattaroq natijalarga erishish mumkinligi ta’kidlandi.

Xalq demokratik partiyasi deputatlari bitiruvchilarning bandligi haqidagi ma’lumotlarning haqqoniylik darajasini oshirish, bu borada monitoring jarayonlarini kuchaytirish, mehnat yarmarkalarini o‘tkazishda rasmiyatchilik holatlariga chek qo‘yish, yoshlarning bandligiga ko‘maklashish tendensiyasini kengaytirish masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Muloqot yakunida o‘rganish natijalari, olib borilgan tahlillarga tayanib, doimiy monitoringni amalga oshirish bo‘yicha partiya guruhining qarori qabul qilindi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Bizning deputat Fuqarolar murojaati Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish