Hisob palatasi faoliyati baholandi

 

Qonunchilik palatasidagi fraksiyamizda Hisob palatasining 2025-yildagi hisoboti muhokama qilindi.

Fraksiya a’zolari hisobotda davlat mablag‘larining maqsadli sarflangani, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash hamda elektoratimiz manfaatlari uchun ajratilgan resurslarning qay darajada to‘g‘ri va manzilli o‘zlashtirilganiga alohida e’tibor qaratdi.

Deputatlar Hisob palatasining 2025-yildagi hisoboti oldinga yillarga qaraganda shaklan va mazmunan farq qilganini, aniqlangan kamchiliklar, korrupsion holatlar va ularni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish borasida vazirlik va davlat idoralariga nisbatan belgilangan chora-tadbirlar aniq ko‘rsatilganini qayd etishdi.

Hisobotda keltirilishicha, Budjet xarajatlarida 8,1 trln so‘m mablag‘ maqbullashtirilgan, 1,1 trln so‘mlik noqonuniy xarajatlarning oldi olingan, budjet daromadiga 7,6 trln so‘m qo‘shimcha manbalar qo‘shilgan. Tashqi qarzlar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalarda 5,7 trln so‘m mablag‘ni iqtisod qilish imkoniyatlari aniqlanib, ularning 4,1 trln so‘mi boshqa sohalarga qayta yo‘naltirilgan.

Shuningdek, Hisob palatasi sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali “Masofaviy audit” axborot tizimini yo‘lga qo‘ygan. Buning natijasida qisqa vaqt ichida 75 ta vazirlik, idora va banklarning 259 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilinib, o‘tkazilgan 93 ta audit tadbirlarning 47 tasi masofaviy o‘tkazilgan.

Hisobot bilan tanishgan deputatlarimiz ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik va ijtimoiy himoya yo‘nalishlarida kuzatilgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish zarurligini ta’kidlashib, bu borada parlament nazoratini yanada kuchaytirishini ma’lum qilishdi.

Mas’ullar ham kelajakda shunday holatlarning oldini olish bo‘yicha deputatlarda taklif va tavsiyalar bo‘lsa tinglashga tayyorligini, parlament bilan hamkorlikka ochiqligini bildirishdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyatini ma’qullandi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish