Ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga oid qonun loyihasi muhokama qilindi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari, xususan, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi, harbiy safarbarlik, Markaziy Bank faoliyatini yanada takomillashtirish, davlat fuqarolik xizmatchilari kasbiy malakasini oshirish, nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarining huquqlariga oid qonun loyihalari keng muhokama qilindi.

Yig‘ilish avvalida, “Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Loyihaga ko‘ra, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish nazarda tutilmoqda.

Deputat D. Mamajanova mazkur qonun loyihasida harbiy xizmatchilar uchun ko‘zda tutilayotgan daxlsizlik huquqining ta’rifi va uni belgilovchi hamda ushbu huquqdan mahrum etuvchi tegishli organlar vakolatlari bo‘yicha atroflicha fikr-mulohazalar bildirdi. Harbiy xizmatchilar maqomining muqobil harbiy xizmatni o‘tayotgan fuqarolar uchun huquqiy ahamiyati va belgilanayotgan boshqa normalarga aniqliklar kiritildi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur loyihada Markaziy bankning ayrim nazorat vazifalari kengaytirilishi nazarda tutilmoqda. Fraksiyaning bir guruh a’zolari qonun loyihasining moliyaviy resurslarni barqaror boshqarish, qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi ahamiyati haqida qo‘llab-quvvatlovchi fikrlar bildirishdi.

Fraksiya a’zosi Z.Akramova qo‘shimcha tarzda aholi orasida kreditlar foiz stavkalarining yuqoriligi bo‘yicha fikrlar bildirilayotgani, xorijiy tajribalarni o‘rganish asosida fuqarolarning moliyaviy yukini yengillashtirish choralarini ko‘rish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy malakasini oshirish kafolatlarini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonuni loyihasi muhokamalar markazida bo‘lib, unda davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy faoliyati bilan birga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, xorijiy oliygohlarda tahsil olish muddatining mehnat stajiga qo‘shib hisoblanishi kabi qator masalalar haqida so‘z bordi.

Deputat F. Sharipov mazkur qonun loyihasida xalqaro nufuzli oliy ta’lim muassasalarining turlari va kategoriyalari bo‘yicha aniq ro‘yxatlar belgilanmayotganligiga e’tibor qaratdi hamda chet el oliygohlarining nomi, turi va kategoriyasini belgilash zarurligi ta’kidlandi.

Fraksiya yig‘ilishida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimining yanada takomillashtirilishiga oid kiritilgan qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Deputat A.Temirov ijtimoiy himoya tushunchasiga oid ayrim huquqiy normalar, xususan, “kam ta’minlangan” tushunchasining “ijtimoiy reyestr” tushunchasiga aniqlashtirilishi, muhtojlarni turar joyni ta’mirlash maqsadida mablag‘lar va uy-joy bilan ta’minlash haqidagi normalarni takomillashtirish muhimligiga e’tibor qaratdi.

Deputatlar muhokamalar jarayonida qonunlar loyihalarining partiya Saylovoldi dasturiy maqsadlariga hamohangligiga e’tibor qaratib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini davlat reyestrlariga kiritish tartiblarini yanada soddalashtirish lozimligini ta’kidladi.

Fraksiya yig‘ilishida muhokama qilingan qonun loyihalari konseptual jihatdan ma’qullanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishi muhokamasiga kiritilishi qo‘llab-quvvatlandi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish