Toshkent viloyatidagi “bog‘cha”larda aniqlangan muammolar ishchi guruh yig‘ilishida ko‘rib chiqildi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlari butun respublikamiz hududlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni manzilli o‘rganmoqda. To‘plangan ma’lumotlar, aniqlangan muammoli holatlar mutasaddi tashkilotlar va ekspertlar ishtirokida muhokama qilinmoqda. Kamchiliklarni to‘g‘rilash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilishiga e’tibor qaratilmoqda.

Toshkent viloyati Kengashida Xalq demokratik partiyasi deputatlari guruhining yig‘ilishida ham ayni shu masala muhokama markazida bo‘ldi. Majlisda Toshkent viloyatining tuman-shahar Kengashlaridagi deputatlar ham qatnashdi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda viloyatda jami 2422 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Shundan, 617 tasi davlat, 170 tasi xususiy, 63 tasi DXSH asosidagi va 1572 tasi oilaviy bog‘chalaridir.

Ishchi guruh o‘rganishlarida Nurafshon shahridagi 7 va 26-sonli, Yuqori Chirchiq tumanidagi 7-12-sonli, Chirchiq shahridagi 17-sonli hamda Angren shahridagi 41-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida asosiy me’yoriy hujjatlar muntazam yuritilmagani, xavfsizlik bo‘yicha yo‘riqnomalar o‘tkazilgani rasmiylashtirilmagani, favqulodda vaziyatlarga tayyorlik darajasi yetishmasligi aniqlangan.

Shuningdek, Ohangaron tumanidagi 20-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham qator muammolar ko‘zga tashlangan. Jumladan, guruh xonalari va o‘yin maydonchalari ta’mirtalab, yog‘ingarchilik paytida xonalar tomidan chakka o‘tishi va boshqa nosozliklarga guvoh bo‘lingani bildirildi.

Yong‘in, elektr, sanitariya va umumiy xavfsizlik talablariga javob bermaganligi sababli hozirda faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan O‘rta Chirchiq tumanidagi 31-sonli, Toshkent tumanidagi 19, 24, 26-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini tez orada tiklash masalalari ham manzilli muhokama qilindi.

Yig‘ilishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari chiqarilgani qayd etildi.

Tizimli muammo va kamchiliklar tahlil qilinib, xalq deputatlari Kengashlaridagi mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari va sessiyalari muhokamasiga olib chiqish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Deputatlar bolalar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish, bunga bevosita javobgar idora-tashkilotlar faoliyati ustidan qat’iy deputatlik hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish Xalq demokratik partiyasining ustuvor vazifasi ekanini ta’kidlashdi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Bizning deputat Deputat mahallada
← Roʻyxatga qaytish