Suv xo‘jaligi bo‘yicha davlat-xususiy sherikligi joriy etiladimi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda jinoyat ishi bo‘yicha sudlarga ayblov xulosasi bilan birgalikda himoya fikrini yuborish va himoya fikrini taqdim etish tartibini belgilash, chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini qo‘llash hamda ularni rag‘batlantirishga qaratilgan qonun loyihalari muhokama qilindi.
Shuningdek, fraksiya yig‘ilishida Suv kodeksiga suvdan foydalanish bo‘yicha tuzilayotgan shartnomalarni elektron shaklda yuritish va suv xo‘jaligi obyektlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida xususiy sektor boshqaruviga berish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi belgilanmoqda. Xususan, suvlarning davlat hisobini yuritish, bevosita mas’ul bo‘lgan shaxslarga nisbatan suv xo‘jaligi obyektlari va qurilmalaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdorini oshirish orqali javobgarlik choralarini yanada kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Yig‘ilishda bir qator xalqaro bitimlarni ratifikatsiya qilish bo‘yicha qonun loyihalari ham muhokama qilindi. Jumladan, 2026 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risida” va 2025 yil 1 sentyabrdagi “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida Shanxay hamkorlik tashkilotining Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risida”gi loyihalar deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Fraksiya a’zolari kun tartibidagi yana bir muhim masala – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi A.Abduhakimovga yuborilayotgan
“2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘rovini ham muhokama qildi.
Deputatlar yig‘ilish kun tartibida ko‘rib chiqilgan har bir loyiha dolzarbligi, ularning hayotga bevosita ta’siri nuqtayi nazaridan fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi, tegishli qarorlari qabul qilindi.