Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya yig‘ilishida fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlarini Konstitutsiyaviy sud tomonidan himoya qilishni takomillashtirish, ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish, kapital bozori to‘g‘risida, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat tuzilmalari xodimlarining formali kiyim-boshidan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlarining oldini olishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritishga qaratilgan qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektini ulush kiritish asosida qurish sohasini tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida o‘rin olgan turar-joylarni qurishda jalb qilingan aholi mablag‘larini himoya qilish kafolatlarini yaratish vazifasiga hamohang ishlab chiqilgan. Shu sababdan fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasini sinchkovlik bilan muhokamadan o‘tkazishdi. Qonun loyihasi quruvchilar va uy-joy xarid qiluvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, tomonlarning majburiyatlarini aniq belgilash, shartnomalarda teng huquqlilik tamoyilini ta’minlash, fuqarolarning uy-joy olish uchun yo‘naltirilgan mablag‘larini kafolatli himoyalash kabi masalalarga yechim bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, qonun loyihasi ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini qurishga jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini jalb qilish bilan bog‘liq munosabatlarni takomillashtirish nazarda tutilmoqda. Deputatlar aholi mablag‘larini himoya qilish, quruvchi tashkilotlarning mas’uliyatini kuchaytirish dolzarb masala ekanini ta’kidlashdi. Qonun ijodkorlarining keltirishicha, 129 ta quruvchi va ulushdorlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar tahlil qilingan, 84 foiz shartnomalarda qurilish obyektining kafolat muddati belgilanmagani, 80 foiz shartnomalarda esa qayta hisob-kitob qilishda quruvchilarga ustuvorlik berilgani, faqatgina 20 foizida taraflarning huquqlari inobatga olingani, 51 foiz shartnomalarda obyektni topshirish muddati kechikkanda quruvchining javobgarligi belgilanmaganligi, quruvchilar va ulushdorlar o‘rtasidagi shartnomalarning ro‘yxatga olinmay qolishi kabi kamchiliklar tizimli tus olgan. Fraksiyamiz a’zosi Anvarxon Temrov yangi tartib joriy etilishi ortidan yuzaga keladigan ayrim cheklovlar uy-joy narxlarining oshishiga olib kelmaydimi, degan savol bilan murojaat qildi. Mas’ullar uy-joy narxlari ko‘tarilishi mumkinligi prognoz qilinayotganini yashirishmadi. Tartiblarni ayrim cheklovlar bilan qat’iy o‘rnatishdan maqsad aholi mablag‘lari himoyasini kafolatlash ekani bildirildi. Qizg‘in savol-javoblardan so‘ng ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi