“O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari tantanali topshirildi

 

Tobora yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘, eng aziz bayram – mamlakatimiz Mustaqilligining 35 yillik tantanalari xalqimizni yanada ruhlantirmoqda, yurtimizda ijtimoiy birdamlik ruhini mustahkamlamoqda.

Mo‘tabar bayram munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni asosida mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, inson qadrini ulug‘lash, xalqimiz farovonligini oshirish borasidagi tub islohotlar jarayonida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlar samarasini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan vatandoshlarimiz “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Ularning safida Xalq demokratik partiyasi vakillari ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

Bugun Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashida tantanali tadbir o‘tkazildi. Partiya yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov barchani Mustaqilligimizning qutlug‘ 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, keyingi yillarda xalqimizning turmush farovonligi ortib borayotgani, ijtimoiy himoya masalalari samarali hal etilayotgani, mahallalar obodlashib, ijtimoiy faollik maskaniga aylanayotgani, bu boradagi yuksak yutuq va marralar partiyamiz dasturiy maqsadlariga erishishda strategik ahamiyatga ega bo‘layotganini ta’kidladi. Insonning huquqlarini ta’minlash, qadr-qimmatini ko‘tarish bo‘yicha erishilayotgan natijalar ahamiyatini keng tushuntirish, targ‘ib qilish, oldinda turgan yanada dolzarb vazifalarni katta shijoat bilan amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

Bir guruh partiya vakillariga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni tantanali topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Mustaqillik davrining dastlabki yillaridagi og‘ir qiyinchiliklarni eslashdi, to‘planib qolgan ijtimoiy muammolar keyingi yillarda samarali hal etilayotganini turli sohalar, o‘z hayotlari misolida tushuntirib berishdi. E’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorchilik bildirildi.

 

Axborot xizmati

 

 

 

 

 

 

 

← Roʻyxatga qaytish