Afv — insonparvarlik va yangi imkoniyat
Afv — insonparvarlik va yangi imkoniyat

 

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida 852 nafar shaxsning afv etilishi mamlakatimizda inson qadri va insonparvarlik tamoyillari davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Afv — qonun ustuvorligini inkor etish emas, balki qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan insonga hayotini qaytadan boshlash uchun imkoniyat berishdir.

Farmonga muvofiq, 604 nafar shaxs jazodan to‘liq ozod etiladi, 115 nafari muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 52 nafarining jazosi yengilroq jazoga almashtiriladi, 81 nafarining esa ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati qisqartiriladi. Bu raqamlar ortida nafaqat 852 nafar insonning taqdiri, balki ularning oilalari, farzandlari va yaqinlari taqdiri ham turganini his etish muhim.

Afv etilganlar orasida 375 nafar yosh, 49 nafar ayol, 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak va 7 nafar xorij fuqarosi borligi, shuningdek, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxsga ham insonparvarlik tamoyili asosida imkoniyat berilgani farmonning keng qamrovini ko‘rsatadi. Eng muhimi, bu insonlarga berilgan ishonch ularning xatosidan xulosa chiqarib, jamiyatga foydali inson sifatida qaytishi uchun mas’uliyat ham yuklaydi.

Endilikda asosiy vazifa — afv etilganlarning ijtimoiy hayotga moslashishiga ko‘maklashish, ularning mehnat qilishi, kasb-hunar egallashi va jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun sharoit yaratishdir. Bu jarayonda mahalla, jamoatchilik, mas’ul idoralar bilan bir qatorda deputatlar ham faol ishtirok etishi kerak. Zero, insonga ikkinchi imkoniyat berish — ezgulikning boshlanishi, uning ishonchni oqlashi esa ana shu imkoniyatning haqiqiy natijasidir.

 

Qizilgul Qosimova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish