Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Irina Tokareva poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 29-sonli umumta’lim maktabida yangi o‘quv yili va Bilimlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda ishtirok etdi.
Tadbir davomida deputatimiz maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan bolajonlar, barcha o‘quvchilar va ustozlarni yangi o‘quv yili boshlangani bilan muborakbod etib, ularga mustahkam sog‘lik va zafarlar tiladi. O‘quvchilar bilan muloqotda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallash, kitobxonlikni hayotiy odatga aylantirish, doimiy izlanish va mehnat orqali yuqori natijalarga erishish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, maktabda yaratilgan sharoitlar, ta’lim sifati va infratuzilmani rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Xususan, joriy yilda maktab hududida “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari muhokama qilindi. Mazkur loyiha deputat I. Tokarevaning ko‘magi va faol ishtirokida ilgari surilgan. Loyiha doirasida maktabning ayrim obyektlari ta’mirlanib, zamonaviy talablarga mos ravishda rekonstruksiya qilindi hamda yangi o‘quv yili arafasida foydalanishga topshirildi.
Uchrashuv yakunida ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash va maktab infratuzilmasini yanada yaxshilash masalalari yuzasidan fikr almashildi.