Buxoro shahridagi «Muruvvat» nogiron bolalar internat uyiga kirganimizda qurilish ta’mirlash ishlari avj pallasida edi. Xodimlardan biri bizni muassasa direktorining xonasiga boshladi. Rahbar boshqa mehmonlar bilan bandligi sababli kutib turishimizga to‘g‘ri keldi. Shu orada ayrim ma’lumotlardan xabardor bo‘ldik.
Muassasada 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan aqlan zaif va nogironligi bo‘lgan bolalar yashab, ta’lim-tarbiya oladi. 2009 yilda faoliyat boshlagan, ushbu internatning asosiy binosi Davlat byudjetiga qarashli. Ayni paytda muassasada 280 nafar bola yashaydi. 25 nafar shifokor, 300 nafar enaga va 21 nafar hamshira ularni parvarishlab kelmoqda. 57 nafar bolaga boshlang‘ich ta’lim ham berilar ekan.
Muassasa rahbari Shoira Shamsiyevaga bir qator savollar bilan murojaat qildik.
— Aqli zaif nogiron bolalar bilan ishlash, ularni o‘qish-yozishga o‘rgatishning mashaqqatini tasavvur qilish qiyin emas. Bu yerdagi tartib-qoidalar haqida to‘xtalsangiz?
— Bizda boshlang‘ich bilim beriladi. Ya’ni bosma harflarda bo‘lsa ham ismini yoza olsa, o‘z-o‘ziga xizmat qila olsa, masalan, piyolani olib kelish, ovqatlanish va boshqa harakatlarni bajarishi ham bu bolalarning yutug‘i hisoblanadi. Muassasamizdagi bolalarning aksariyati ovqatlanishni ham bilmaydi. Shuning uchun ular o‘qitiladi, o‘rgatiladi.
Aqli zaiflikning turlari ko‘p. Ular kasallik darajasiga qarab davolanadi, jismoniy va ruhiy mashqlar ham o‘tkaziladi. Ilmiy jihatdan olib qaralganda, aqli umuman ishlamaydigan va 20-25 foiz ishlaydiganlar bor. Bilasizmi, bu ruhiy holatni tushunish, davolash juda murakkab hisoblanadi. Masalan, Boburjon ismli bir bolamiz bor. U 16 yoshda. Ozodbek Nazarbekovni qo‘shiqlarini aytadi. Xudo bergan iste’dodi bor. Lekin siz bilan yaxshi gaplashib turib, aqlga sig‘maydigan noto‘g‘ri ishni qilib qo‘yadi. «Boburjon yomon ish qilib qo‘ydingizku», desak, jiddiy turib boshqa qaytarilmasligini aytadi. Ertasiga esa yana shu holat takrorlanadi.
Bu birgina misol. Boburjon kabi bolalar esa ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular tushunadi, fikrini ayta oladi. Ammo ayrimlari fikrlash qobiliyatiga ega emas. Umuman olganda, miyaning qaysidir qismi shikastlanishi nogironlikka sabab bo‘ladi.
Chet elda bizning muassasamizga o‘xshash joylarda zo‘ravonlik holatlari kuzatiladi. O‘zbekistonda bu masalaga jiddiy e’tibor qaratiladi. Nazorat kuchaytirilgan, har bir xona, yo‘lak va zallarga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Bemorlarning tutqanog‘i tutganda yoki boshqa biror ko‘ngilsiz holatlarda opa-singillarimiz ularni boshqara olmay qoladi. Muassasamizda kattaroq yoshdagi o‘g‘il bolalarga erkak tarbiyachilar ajratilgan.
— Aqli zaiflikning asosiy sabablari nimada?
— Yaqinda Surxondaryodan bir bolani olib kelishdi. Otasi ruhiy kasal ekan. Ota-onasidan nosog‘lom farzandini nega uylantirganini so‘rasak, uylanaman deb turib olganini aytishdi. Bir emas, 3 nafar ruhiy xasta bola dunyoga kelgan. Ularning biri Surxondaryoda, ikkinchisi Toshkentda va yana biri bizning muassasada. Odamlarda tibbiy madaniyat yaxshi shakllanmaganidan keyin bu kabi holatlar davom etaveradi, jamiyatda bemorlar ko‘payaveradi.
Bu masala bo‘yicha joylarda keng tushuntirish ishlarini olib borish kerak. Ba’zan otasi ruhiy kasal bo‘lsa ham, sog‘lom bola tug‘ilibdi, deyishadi. Kasalliklar yashirin holatda inson organizmida yashaydi. Odamda gormonal o‘zgarishlar vaqti bo‘ladi. Misol uchun, balog‘at yoshida, oila qurishda, homiladorlikda va tug‘ishdan keyin hokazo. Ana shunday holatlarda ko‘proq qizlarda shizefreniya kabi kasallik yuzaga chiqadi.
Ayrim irsiy kasalliklar bor, ularni ayol o‘zida olib yuradi. Masalan, gemofiliya, degan qon kasalligi bor. Agar retsessiv genni o‘zida olib yurgan ayol o‘ziga o‘xshash erkakka turmushga chiqmasa, bu kasallik avloddan-avlodga o‘tib yuraveradi. Kasallik o‘zini oshkor qilmaydi. Shuning uchun ham bu xatar qarindoshlar o‘rtasida ko‘proq bo‘ladi. Ikkita qarindosh oila qurdimi, retsessiv genlar qo‘shilib, kasallikni uyg‘otadi. Odamlarga tushuntirishga harakat qilyapmiz, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish zarurligini ko‘p ta’kidlaymiz. Biroq bilasiz, chekka-chekka joylarda, ayrim qishloq, mahalla va ovullarda qarindoshlar bilan yoki bir urug‘dagi odamlar bilan oila qurish odatga aylangan. Natijada genlar almashmaydi. Yoki ikkita opa singilning bolasi turmush quradi. Erkakning qoni boshqa, degan sabab ko‘rsatiladi. Yo‘q, bu xato tushuncha. Bola 50 foiz otadan, 50 foiz onadan qon oladi. Agar ona o‘z qonida retsessiv genni olib yursa, tabiiyki bolasiga beradi. Qarabsizki, ikkita bir xil gen uchrashishi farzandga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Inson salomatligini asrash uchun tibbiy bilimga ega bo‘lish talab etiladi.
Ayrim kasalliklar haqida ochiq-oydin gapirish mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi, deydiganlar bor. — Bu noto‘g‘ri fikr. Odamlarga tushuntirish zarur. Axir 17-18 yoshda maktabni tamomlagan farzandlarimiz o‘qish yoki ish, deb xorijga ketadi. Yolg‘iz qolgan bola bilganini qiladi. U xavfsiz jinsiy aloqa haqida tushunchaga ega bo‘lmasa, yuqumli, oxiri o‘lim bilan tugaydigan kasalliklardan bexabar bo‘lsa, kasallikni osongina yuqtirib oladi. O‘zbekistonga qaytgach, uylanadi. Begunoh yoshgina bir qizga uylanadi. Natijada kasalliklar ko‘payib bormoqda.
Uyat, deb o‘tirgandan foyda yo‘q. Bolalarimizni asrashning yo‘li — ularga ma’lumot berish, tushuntirish, ehtiyot bo‘lishga chaqirishdan iborat. Chunki ana shunday o‘ta xavfli, yuqumli kasalliklar asosan migrantlar orasida uchraydi. Maktab dasturida tibbiy savodxonlik bilan bog‘liq darslarni ko‘paytirish, o‘g‘il bolalar va qizlar uchun alohida shaklda muloqotlar o‘tkazish lozim. Zotan, kasallikning oldini olish uni davolashdan afzaldir.
...Muassasa direktori bilan yana bir qancha masalalarda suhbatlashdik. Ayrim odamlarning e’tiborsizligi, loqaydligi va javobgarlik hissidan yiroqligi achchiq haqiqat ekanini ta’kidladi. Jamiyatda nogironlikni bir foizga kamaytira olish ham katta yutuq ekanini qayta-qayta takrorladi. Ba’zi bir mas’uliyatsiz, ma’rifatsiz ota-onalarning qilmishlari sababli farzandlari nogiron bo‘lib tug‘ilayotgani to‘g‘risida kuyunib gapirdi.
Suhbatdan so‘ng O‘zbekiston XDP Buxoro viloyat partiya faollari bilan birgalikda muassasa hamda unda istiqomat qiluvchilarning yashash tarzi bilan yaqindan tanishdik. To‘g‘risi, jurnalist xalqi ko‘ngli bo‘sh bo‘ladi chog‘i, ko‘zimizdagi yoshni to‘xtata olmadik. Birni ko‘rib fikr qil, mingni ko‘rib shukr, degan naql xayolimizdan o‘tdi. Aslida ham, sog‘ligimiz eng katta va bebaho boyligimiz ekanini yana bir bor his etdik. Hech bir bola «Muruvvat» uyiga tushmasin, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lmasin, ana shunday muassasalarga ehtiyoj yo‘qolib, sekin-asta ularning barchasi yopilib ketsin, deb astoydil niyat qildik.
Qaytish vaqti keldi. Shoira Shamsiyeva bizni Boburjon bilan tanishtirdi. U bizga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Komilov kuylagan «Odam bo‘lib keldik, odam bo‘laylik» qo‘shig‘ini kuylab berdi. Hech qanday musiqasiz ijro etilgan bu qo‘shiqni nogiron bir bola aytayotganiga ishonish qiyin edi...
Muassasadan chiqib, navbatdagi manzil tomon yo‘l olar ekanmiz, Boburjonning ovozi uzoq vaqtgacha qulog‘imizdan ketmadi. Chindan ham, odam bo‘lib keldik, odam bo‘laylik...
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri
Zilola UBAYDULLAYEVA suhbatlashdi.