AYOLLAR FAOL BO‘LMASA...

O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida yurtimizning faol ayollari, huquqiy va ijtimoiy asoslar mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida faol xotin-qizlar, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Dastlab Toshkent shahar partiya kengashi raisi Nigora Eshmetova yig‘ilganlarni Mustaqilligimizning 28 yillik bayrami bilan tabriklab, istiqlol davrida ayollarimiz uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, jumladan, ularning huquq va manfaatlarini ko‘zlab qabul qilinayotgan qonunlar, imzolanayotgan farmon va qarorlar xususida atroflicha ma’lumot berdi.

— Bugun, mubolag‘a emas, yurtimizning barcha hududlari, shahar-qishloqlari, mahalla-ko‘ylarida jadallik bilan olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga barchamiz guvohmiz, — dedi u o‘z so‘zida. — Bunday ezgulikka daxldor ishlar, aytish mumkinki, vatandoshlarimizning qalbida ham amalga oshmoqda. Demak, bu kabi savobli amallarning barchasi mustaqillik tufayli ro‘yobga chiqmoqda.

— Har qanday yutuq yoki natijaga katta mehnat evaziga erishiladi, — dedi Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan stomatika shifoxonasi bosh shifokori Gulnora Mirsaidova. — Bu, tabiiyki, hayot qonuni. Masalan, o‘zimdan qiyos, ilk mehnat faoliyatimni Toshkent viloyati stomatika shifoxonasida oddiy shifokorlikdan boshlagandim. Amaliyot bilan ilmni uyg‘unlikda olib borganligim bois nomzodlik dissertatsiyamni himoya qildim. Bugungi kunda jamiyatdagi faollikning ildizi mening nazarimda oilada ham mustahkam bo‘lishi kerak. Shu ma’noda mening ham an shu mittigina «vatan»da o‘z o‘rnim, qadr-qimmmatim bor deb o‘ylayman. Voyaga yetayotgan farzandlarimizni ona yurtimizga sadoqatli insonlar sifatida tarbiyalashga harakat qilyapmiz. Qolaversa, siyosiy partiyaning a’zosi bo‘libgina qolmay, jamiyatdagi xotin-qizlarning faolligini oshirish borasida ham yangiliklar qilishga urinyapman. Har bir tashabbusim o‘z samarasini berayotganidan ruhlanyapman. Chunki bir ayolga juda katta narsa kerak emas hayotda, asosiysi, tinchlik, xotirjamlik bo‘lsa, shuning o‘zi katta davlat-da!

— O‘n to‘qqiz yildan buyon ilm maskanida ishlab kelyapman, — deydi poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 20-maktab direktori, faol ayollar qanoti raisi Shahnoza Qosimova. — Ayni paytda maktabimizda 60 nafarga yaqin xotin-qiz, o‘n nafardan ortiq erkak o‘qituvchi faoliyat olib boradi. Albatta, katta jamoani boshqarish, ishni to‘g‘ri tashkil etish oson emas. Buning uchun bilim, atrofdagilarning qo‘llab-qo‘vvatlashi zarur. Baxtim esa ayollarni qadrlaydigan yurtda yashayotganim va mehnat qilayotganimda, deb o‘ylayman.

Qizg‘in savol-javob, munozara ruhida kechgan davra suhbatida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, Toshkent shahar «Oila» ilmiy-amaliy markazi rahbari Farida Abdurahimova, xalq deputatlari Yunusobod tuman kengashi deputati, yuridik fanlari doktori Gulchehra To‘laganova so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishdi.

 

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi

Axboroti xizmati.

← Roʻyxatga qaytish