Rostgo‘ylik, dadillik, jonkuyarlik va albatta, onalarga xos mehribonlik — bularning barchasi bugungi suhbatdoshimizda mujassam. Asosiysi, vazmin ko‘ringan chehraning ortida qattiqqo‘llik, uzoqni ko‘ra bilish, haqiqatni ayta olish jasorati ham uyg‘unlashgan. O‘z ishini tibbiyot sohasidan boshlagan Muqaddas O‘RAZALIYEVA bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati. Uning aytishicha, xalqning turtkisi bilan saylovda o‘z nomzodini qo‘ygan hamda ular bildirgan ishonch, qo‘llab-quvvatlashi natijasida ushbu maqomga erishgan. Endilikda saylovchilar ishonchini oqlash suhbatdoshimizning bosh maqsadlaridan biridir.
— Muqaddas opa, deputatlikkacha bo‘lgan faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz.
— Bolaligimda oyimning ota-onasining, ya’ni buvilarimning yoniga tez-tez borib turardim. U yerda ikki holam tibbiyot xodimi — hamshira bo‘lib ishlardi. Xolalarimning oppoq xalatda, ozoda yurishlari, ishdan charchab kelganda ham kimdir yordam so‘rab kelsa, rad etmasliklari xotiramga, yuragimga muhrlanib borgan.
Maktabni bitirib, shahodatnomani qo‘limga olgan kunim dadamning yoniga borib, shifokor bo‘lmoqchi ekanimni aytdim. Shunda dadam “Buncha baland dorga osilding, qizim. U yerga kirgizishga, o‘qitishga bizning kuchimiz yetmaydi” dedi. Nasib qilgan ekan o‘qidim, oq xalatni ham kiydim, shifokor bo‘ldim. Dastlab Toshkentdagi poliklinikada, 1998 yilda Zomin pediatriya shifoxonasida ish boshladim, oradan 6 oy o‘tib, bosh immunolog lavozimiga tayinlashdi. Bu soha o‘sha paytlari yangi edi. Zomin tumanidagi 0 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlash ishlarini rejalashtirish kerak. Bildirilgan ishonchni oqlash niyatida kechalari bilan ishlashimga to‘g‘ri kelardi. Keyinchalik bosh pediatr, bosh shifokor o‘rinbosari lavozimlarida ishladim.
— Bugungi kun tibbiyot sohasida qanday islohotlar amalga oshirilishi kerak yoki qaysi o‘zgarishni keraksiz, deb hisoblaysiz?
— Tibbiyot sohasidagi islohotlar kun sayin kengayib, dadil tus olmoqda. Hududlarda yangi shifo maskanlari barpo etilib, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Natijada onalar va bolalar o‘limi kamayib, xizmat ko‘rsatish sifati oshib bormoqda.
Biroq meni tashvishga solgan masalalar ham oz emas. Bir misol, optimallashtirish natijasida Zomin tumanidagi 24 ta QVPning 7 tasi qolib, qolgani qisqartirildi. O‘zim qishloqda yashayman, o‘sha yerda tug‘ilib, o‘sganman. Shuning uchun qishloq sharoitini, aholining turmush tarzi, topish-tutishini yaxshi bilaman.
To‘g‘ri, qaysidir qishloqda, mahallada shifokor bo‘lsa, aholi u qadar qiynalmaydi, birinchi tibbiy yordam yoki maslahatni oladi. Shaxsan bizning uyimiz kecha-yu kunduzi hamma uchun ochiq bo‘lgan. Kechalari ham odamlar yordam so‘rab kelardi. Lekin uy sharoitida bajarib bo‘lmaydigan ishlar ham bor. Ana shunda tibbiy yordamga ehtiyoj sezgan odamning holi nima kechishini o‘ylab, qo‘lim kaltaligidan afsuslanaman.
Men yashaydigan qishloq tuman markazidan 5 chaqrim uzoqda. Biroq markazdan 30-35 kilometr masofada joylashgan hudud aholisi nima qiladi? Hammada ham avtotransport yo‘q. Kimningdir yuragi xuruj qilsa, homilador ayolda erta to‘lg‘oq boshlansa, zudlik bilan yordam ko‘rsatish imkoni yo‘q-ku, bemorning hayoti xavf ostida qoladi-ku. Uzoq masofaga tez yordam mashinasi yetib borishi uchun vaqt talab etiladi. Yo‘llar ta’mirtalab yoki aylanma bo‘lsa, tabiiyki, u vaqtida yetib bora olmaydi. Tez yordam mashinasi haydovchi yoki tibbiy xodimga bog‘liq bo‘lmagan holatda kechikkan chog‘da bemor xonadonidagilar janjal ko‘taradi. Hatto mushtlashishgacha borilyapti. Chunki yaqinining hayot-mamoti bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lgan paytda odamning ko‘ziga hech nima ko‘rinmay qoladi.
Shu sababli parlamentdagi fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari bilan bog‘liq. qo‘mitada QVPlarni qayta tiklash masalasini muhokama qilib, sog‘liqni saqlash vazirligi e’tiboriga havola qilmoqchimiz. Ayniqsa, tumanlar markazlaridan uzoqda bo‘lgan tibbiyot muassasalarini qisqartirilishiga mutlaqo qarshiman. Umuman olganda, QVPlar faoliyatini davom ettirish kerak, deb o‘ylayman.
Tuman markazidan 35 kilometr olisda joylashgan Qoramozor degan QVP bor edi. Mana shu qisqartirish masalasi ko‘tarilgan vaqtda Sog‘liqni saqlash vazirligidan olis hududdagi 2 ta QVPni qisqartirish masalasi bilan ishchi guruhi keldi. Shunda tug‘ish yoshdagi ayollar soni, necha foizining avtomashinasi borligiyu yosh bolalarda uchraydigan xavfli hastaliklar haqida aytdim. Kechasi ko‘zi yoriydigan ayol yoki isitmasi ko‘tarilib, talvasaga tushib qoladigan bolaning hayotini saqlab qolish darajasi pasayib ketishi haqida ogohlantirildi. Shunga qaramasdan 2ta QVP opitimallashtirish sababli qisqartirildi.
Qishloq aholisi kamdan-kam hollarda shifoxonaga borib davolanadi. Shuning uchun ham QVPga borib, davolansa, ukol-dorilarini qildirib, biroz dam olib, uyiga qaytsa, ijtimoiy ko‘makka ehtiyojmand, kam ta’minlangan aholi vakillari uchun ancha yengillik bo‘lardi.
— Deputat sifatida qanday takliflaringiz bor?
— Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosiman. Biz joylarga chiqib, aholi vakillari bilan uchrashganimizda ko‘proq tibbiyotga aloqador savollar bilan murojaatlar qilishmoqda. Joylarda tibbiyot xodimlari yetishmasligi, borlarining malakasi, bilimini oshirish kerakligini aytishadi.
Yaqinda bir yoshi ulug‘ otaxon yonimga kelib, ayrim tibbiyot xodimlari ishidan qoniqmasligini, ularda yetarli tajriba, bilim va malaka yo‘qligini aytdi. Masalan, mavsumiy kasalliklar, surunkali davolanuvchi bemorlar bor. Ular butun dunyoda tan olingan standartlar asosida davolanadi. Ayrim hollarda bir hudud shifokorlari davolay olmagan og‘irroq bemorlarni boshqa tumanga ko‘chirilishi holatlari uchrab turadi. Bu ham aholida norozilik kayfiyatini yuzaga keltiradi. Shu kabi holatlarni misollar bilan aytgan otaxonning gapida jon bor. Sababi vrachlar malakasini oshirib borish masalasi doimiy va tizimli yo‘lga qo‘yilishi zarur. To‘g‘ri, oylab oilasidan, uyidan uzoqda o‘qish imkoniyati bo‘lmagan mutaxassislar ham bor. Lekin hech bo‘lmaganda og‘ir kasalliklarni davolash, kam uchraydigan yoki mavsumiy xastaliklar haqida onlayn tizimi orqali o‘qitib borish lozim.
— Deputatlarga aholining murojaati ko‘proq qaysi masalalarda bo‘lmoqda?
— Joylarga chiqqanimizda ish so‘rab, yo‘llarni ta’mirlash kerakligini aytib ko‘p murojaat qilishadi. Tan olib aytish kerakki, ijtimoiy sohadagi muammolar oz emas. Biroq noo‘rin talablar, murojaatlar bilan deputatni ham, turli idoralarni ham ovora qilayotgan fuqarolar ham uchraydi.
Saylovoldi uchrashuvlar paytida qay bir hududga borsam, o‘sha yerdagi aholiga telefon raqamimni yozdirib kelgan edim. Shu bois ko‘pchilik to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘ng‘iroq qilib, muammosini aytadi. Baholi qudrat masofadan turib bo‘lsa ham yordam berishga, masalani yechishga harakat qilaman. Yaqinda “Yangiobod” tumanida yashovchi aholi vakillari qo‘ng‘iroq qilib, 5 nafar fuqaro kredit ololmayotganini aytishdi. Tuman hokimligiga qo‘ng‘iroq qildim, masalani tushuntirdim, mutasaddilar darhol uni yechishga kirishdi. Bir necha kun ichida 5 nafar emas, 20 nafar fuqaro kredit olishga erishdi va minnatdorlik bildirishdi. Lekin ba’zida juda noo‘rin, noqonuniy talablar bilan qo‘ng‘iroq qiluvchilar ham bo‘ladi.
Misol uchun, bir saylovchi “o‘g‘limni milliy gvardiyaga ishga joylashtirib qo‘ying” desa, yana boshqasi “mening farzandim oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak, o‘qishga kirgizib bering”, deydi. Bu ishlar qo‘limizdan kelmaydi. Shunday bo‘lsa-da, farzandi qaysi sohaga qiziqishini so‘rayman, tayyorlov kursida o‘qishida yordam qilishimiz mumkinligini aytaman. Buni qarangki, bolasining o‘qishga qiziqishi yo‘q, lekin oliy o‘quv yurtida o‘qishi kerak.
Axir har bir masalaning o‘z tartib-qoidasi bor. Oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishni istagan bola yetarli bilimga ega bo‘lishi zarur. Huquq-tartibot idoralarida ishlash uchun ham jismoniy tayyorgarlik, o‘ziga yarasha bilim va ko‘nikmalar lozim. Bularni tushuntirishga harakat qilaman. Ammo deputat bo‘lib, nega yordam bermaysan, deydiganlar topiladi. Deputat, masalan, Qonunchilik palatasi deputatining vazifasi, vakolatlari hamda majburiyatlari nimalardan iborat ekanini tushuntirishga to‘g‘ri keladi.
— Bir necha yil davomida kollej direktori bo‘lib ishlagansiz. Yaxshi rahbarga ta’rif bersangiz.
— Eng avvalo, xodimlari uchun sharoit qilib bergan rahbarni yaxshi ishlayapti, deb aytish mumkin. Ikkinchidan, rahbar halol bo‘lishi shart. O‘shanda uning hech kimdan tili qisiq bo‘lmaydi. Xohlagan idorasiga bemalol kira oladi, qonuniy talablariga munosib javob oladi. Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymagan rahbarning xodimlari hamisha undan minnatdor bo‘ladi hamda unga murojaat qilgan fuqaroning muammosi oson hal etiladi.
Maqtanishga kirsa ham bir misolni aytmoqchiman. Kollejlardagi shtatlar qisqartirilganda 96 nafar xodimni ishdan bo‘shatishga to‘g‘ri keldi. Ulardan kimdir oila boquvchisi, 3-4 nafar farzandning otasi bo‘lsa, yana boshqasi otasiz farzand katta qilayotgan ayollar edi. Har birini ishga joylashtirish uchun ular bilan birga yurdim. 96 nafar xodimning barchasi ishli bo‘lgachgina ko‘nglim taskin topadi. Bu bilan demoqchi bo‘lganim, yaxshi rahbar xodimlarining yashash tarzi bilan qiziqadi, barchaga birdek muomalada bo‘ladi, o‘zi ham, qo‘l ostidagilarini ham korrupsion holatga aralashishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Deputat bilan yana boshqa masalalarda ham suhbatlashdik. Uning dilidagi gaplariga quloq tutdik. Boshdan kechirganlarini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlab berdi. Shu sabab ba’zilarini o‘zimizda olib qolishni ma’qul topdik. Zero, inson sha’ni va qadr-qimmati, xohish-istagi har narsadan ustundir. Muqaddas O‘razaliyevadan blits-savollarimizga quyidagi javoblarni oldik.
— Ayolga ta’rif bering.
— Nozik gul, albatta.
— Oilada tinchlikni asrash, baxtli bo‘lish uchun nima talab etiladi?
— Sabr.
— Deputat va ayol o‘rtasidagi bog‘liqlik.
— Hamma ayol o‘z oilasida siyosatchi, lekin har biri deputat emas.
— Deputatlik siz uchun nima?
— Burch va mas’uliyat.
— Sizning ko‘nglingizni ko‘taruvchi, eng yaxshi gaplar qaysi?
— Rahmat, baraka toping.
— Biz ham sizga xuddi shunday, deymiz. Vaqt ajratganingiz uchun rahmat, baraka toping...
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri
Zilola UBAYDULLAVA suhbatlashdi.